Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etishning amalga oshirish tartiblari
2026-05-26 16:40:00 / OCHIQ MA'LUMOTLAR
Qonun qabul qilingan kunga qadar fuqarolarning, yakka tartibdagi tadbirkorlarning va rezident boʻlgan yuridik shaxslarning qonunchilikka muvofiq mulk (egalik qilish) huquqi eʼtirof etilgan binolari va inshootlari egallagan yer uchastkasiga nisbatan huquqlarni eʼtirof etishda mavjud qarama-qarshiliklar va nizolali holatlar yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holatlar ochiq qolayotgan edi. Shu munosabat bilan mazkur huquqlarni eʼtirof etish asoslari va tartibini belgilash zaruriyati yuzaga kelayotgan edi.
Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasi nima? degan savolga Qonunning 2-moddasi quyidagicha javob beradi, oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasi — fuqarolar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va rezident boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan yer uchastkasiga boʻlgan huquqlarni belgilovchi hujjatlarsiz, shu jumladan bunday hujjatlar yoʻqolgan yoki toʻliq rasmiylashtirilmagan holda egallab kelinayotgan yoki ortiqcha egallangan yer uchastkasi.
O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 5-avgustdagi “Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida”gi O‘RQ-937-sonli Qonuni bilan manfaatlar to‘qnashuvlarini tartibga solish aniq belgilab berildi.
Qonunga ko‘ra, fuqarolar tomonidan 2018-yil 1-mayga qadar yakka tartibda uy-joy qurish orqali oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan mulk huquqini eʼtirof etish uchun quyidagi shartlarning barchasiga rioya etilganligi asos boʻladi, agar:
mazkur yer uchastkasi boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilmagan yoki elektron onlayn-auksionga qoʻyilmagan boʻlsa;
mazkur yer uchastkasidan foydalanish yuzasidan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar oʻrtasida nizo mavjud boʻlmasa;
mazkur yer uchastkasi uchun yer soligʻi boʻyicha, unda qurilgan binolar va inshootlar uchun esa mol-mulk soligʻi boʻyicha qarzdorlik mavjud boʻlmasa.
Yakka tartibda uy-joy qurish uchun fuqarolarga, yashash uchun moʻljallanmagan binolar va inshootlar qurish uchun yakka tartibdagi tadbirkorlarga va rezident boʻlgan yuridik shaxslarga qonunchilik hujjatlariga muvofiq ajratilgan yer uchastkasiga boʻlgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda koʻrsatilgan maydondan
2018-yil 1-mayga qadar ortiqcha egallangan yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan mulk huquqini eʼtirof etish uchun quyidagi shartlarning barchasiga rioya etilganligi asos boʻladi, agar:
ortiqcha egallangan yer uchastkasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq ajratilgan yer uchastkasiga tutashgan boʻlsa;
mazkur yer uchastkasi ilgari boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilmagan yoki elektron onlayn-auksionga qoʻyilmagan boʻlsa;
mazkur yer uchastkasidan foydalanish yuzasidan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar oʻrtasida nizo mavjud boʻlmasa;
mazkur yer uchastkasi uchun yer soligʻi boʻyicha, unda qurilgan binolar va inshootlar uchun esa mol-mulk soligʻi boʻyicha qarzdorlik mavjud boʻlmasa.
Ma’lumot uchun, xatlovdan o‘tkazish Kadastr organlari tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida ya’ni hududlar (mahalla kesimida) birma-bir xatlovdan o‘tkazib boriladi.
Xulosa qilib aytganda, Qonun oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solishda mugim ahamiyat kasb etmoqda.
Jizzax viloyat ma’muriy
sudining raisi
S.Raxmonov
