Sharof Rashidov tumanida g‘alla–2026 o‘rim-yig‘imiga puxta tayyorgarlik
2026-05-06 17:55:00 / Yangiliklar

Seminar davomida mavsum oldidan bajarilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilinib, mavjud texnikalarning tayyorgarlik darajasi, ularning sozligi hamda samarali ishlashini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda tuman hokimi Asilbek Ashurov, tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, viloyat hokimligining qishloq va suv xo‘jaligi kotibiyati mudiri, viloyat agroinspeksiya boshlig‘i A. Abdullayev, tuman prokurori hamda tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i ishtirok etib, o‘rim-yig‘im mavsumini yuqori saviyada, tartibli va uyushqoqlik bilan tashkil etish, yetishtirilgan hosilni nes-nobud qilmasdan yig‘ib olish hamda belgilangan rejalarni ortig‘i bilan bajarish dolzarb vazifa ekanini alohida ta’kidlab o‘tishdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilda tumanda 9 300 gektar maydonga g‘alla ekilgan bo‘lib, 100 ming tonna hosil yig‘ib olish rejalashtirilgan. Ushbu yuksak marralarga erishishda agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Mavsumni samarali tashkil etish maqsadida 19 ta o‘rim otryadi shakllantirilib, ularga 40 ta zamonaviy kombayn biriktirildi. Shuningdek, 196 ta transport vositasi don tashish jarayonlariga jalb etilishi belgilangan. Qolaversa, barcha kombaynlar mavsum oldidan to‘liq texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning ishga shay holati ta’minlandi.
Ayni paytda tumanda g‘alla o‘rim-yig‘imiga tayyorgarlik ishlari jadallik bilan davom etmoqda. Mutasaddilar tomonidan mavsumni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha barcha zarur choralar ko‘rilmoqda.









