Sharof Rashidov tumani IIB boshlig‘i KARIMOV JAXONGIR SHUKUROVICHning tuman ahliga murojaati!
2026-04-07 14:00:00 / Press-relizlar

Sharof Rashidov tumani IIB boshlig‘i KARIMOV JAXONGIR SHUKUROVICHning tuman ahliga murojaati!
Qadrli otaxon va onaxonlar!
Aziz yoshlar!
Hurmatli Sharof Rashidov tumani aholisi!
Yurtboshimizning aholi murojaatlari bilan ishlashda yangicha tizim yaratish bo‘yicha bergan topshiriqlari asosida bugungi kunda Sharof Rashidov tuman IIB tomonidan kelib tushayotgan murojaat va muammolar chuqur tahlil qilinmoqda.
Sharof Rashidov tumanida 48 ta mahallalarda 253 600 nafardan ortiq aholi istiqomad qiladi. Joriy qilingan “112” qisqa raqam tizimiga 2026 yil 3 oy yakuniga ko‘ra jami 6622 ta murojaatlar kelib tushgan. Shundan 6335 ta murojaat yuzasidan qonuniy qaror qabul qilingan. Qolgan 287 ta murojaat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv ishlari davom ettirib, ijobiy hal etish choralari ko‘rilmoqda. Murojaatlarni ijobiy hal etish borasida murojaatlar bilan ishlovchi xodimlarga aniq vazifalar belgilab berildi.
Shuni ta’kidlash joizki, barcha idora va tashkilotlar hamda xalqimiz bilan birgalikda barcha sohalarda qonuniylikni mustahkamlash, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, amalga oshirilgan ishlar va ko‘rilgan choralar natijasida tumanimizda 2026-yilning ortda qolgan davrida qotillik, nomusga tegish, bosqinchilik, talonchilik, mulkni qasddan nobud qilish, voyaga yetmagan bilan jinsiy aloqa qilish, qiynash, tuxmat, voyaga yetmaganga uyatsiz-buzuq harakatlar qilish va xavf ostida qoldirish kabi jinoyatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagan bo‘lsa, kam ahamiyatli 37 tadan 41 taga, og‘ir turdagi jinoyatlar 77 tadan 170 taga, o‘ta og‘ir jinoyatlar 4 tadan 8 taga ko‘paygan.
Yaratib berilgan imkoniyatlarga qaramasdan ayrim shaxslar noqonuniy yo‘llar bilan boylik orttirish, fuqarolarni aldash va boshqa vositalar orqali ularning mol - mulkini egallashga urinish jadal davom etmoqda.
Ayniqsa, internet tarmog‘idan foydalangan holda fuqarolarga har xil turdagi ta’sir o‘tkazish orqali hisob raqamlaridagi pul mablag‘larini egallash holatlari ko‘plab uchramoqda.
Joriy yilning shu davriga qadar tumanimizda sodir etilgan jami 240 ta jinoyatlardan 163 tasi “kiber” jinoyatlar, shundan axborot texnologiyalaridan foydalanib 59 ta o‘g‘rilik, 94 ta firibgarlik, 9 ta haqorat qilish va 1 ta boshqa holatlari bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgani buning yaqqol isboti.
Prezidentimiz Shavkat Miromonovichning Ichki ishlar organlari sohasida o‘tkazgan Tarixiy yig‘ilishida so‘nggi vaqtlarda avj olayotgan zamonaviy ya’ni “uyushgan, giyohvandlik, kiber va yashirin iqtisodiyot” jinoyatlari soni ortib borayotgani butun yurtimizni tashvishga solayotganligini alohida ta’kidladi.
Haqiqatdan ham yuqoridagi jinoyatlarda voyaga yetmaganlar, yoshlar, xotin–qizlar va sportchilarimizning ishtirok etayotgani achinarli albatta. Prezidentimiz Shavkat Miromonovichning 2026-yil 24-fevral kuni "Ko‘ksaroy" qarorgohida yoshlar bilan o‘tkazgan muloqotida mamlakatimizdagi 22 milliondan ziyod yoshlar ulkan iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuch ekanini alohida ta’kidlab, barcha rahbarlar oldiga birorta yigit-qizni e’tiborsiz qoldirmaslik vazifasini qo‘ygani aynan shu toifadagi shaxslar tomonidan jinoyat sodir etilishining oldini olishga va ularga keng imkoniyatlar yaratish borasidagi chora-tadbirlar ishlab chiqishimizni taqozo etadi.
Joriy yil 3 oyi yakuniga ko‘ra yoshlar tomonidan o‘g‘irlik, yengil tan jarohat yetkazish va o‘lim bilan bog‘liq bo‘lmagan yo‘l transport xodisasi, 1 nafar voyaga yetmagan shaxs tomonidan o‘g‘irlik jinoyati sodir etilgan.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek “Albatta, bugungi murakkab zamonda yoshlarimizni turli sinovlarga chidamli, vatanparvar insonlar etib tarbiyalash, xalqimizni yanada birlashtirish va jipslashtirishda, hech shubhasiz, o‘zini o‘zi boshqarishning noyob tizimi bo‘lgan mahallaning o‘rni va ahamiyati katta.”. Shu asosda hududlarni ijtimoiy - iqtisodiy rivojlantirish, aholi yashash sharoitlari hamda mahallalar qiyofasini tubdan yaxshilash, aholining muammolarni tezkorlik bilan hal etish, bir so‘z bilan aytganda xalqni rozi qilish borasida tizimli ishlar jadal amalga oshirilmoqda.
Biroq, ayrim fuqarolarimizning beparvoligi oqibatida o‘zlariga tegishli mol–mulklar, texnika vositalari, chorva mollari yoki uy atroflarini qarovsiz qoldirgani yoki firibgarlarning hiylasiga ishonib, o‘z mol-mulkini osongina ular qo‘liga topshirib qo‘yganliklari natijasida 4 ta firbgarlik hamda 10 ta o‘g‘rilik jinoyatlari qayd etilganidan ko‘rishimiz mumkin.
Shuningdek, yo‘llarda avtomashinalar soni kundan-kunga ortib, haydovchilarning mas’uliyatini oshirmoqda. Ammo, ayrim haydovchilar yo‘l belgilari, yo‘l qoidalariga rioya etmasdan o‘zboshimchalik bilan tezlikni oshirgani yoki haydovchilik guvohnomasi yo‘q fuqarolarga avtomashinani boshqarishga noqonuniy ruxsat bergani natijasida, o‘lim bilan bog‘liq 3 ta, o‘lim bilan bog‘liq bo‘lmagan 8 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilganligi ayanchli albatta.
Hurmatli yurtdoshlar!
Tumanimizda mas’ul idoralar va keng jamoatchilik bilan hamkorlikda quyidagi yangi tadbirlarni amalga oshirish yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qilmoqchiman.
Jumladan, jinoyatlarning oldini olish, tumanda kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlash bo‘yicha kuchaytirilgan ish tartibi joriy etildi.
Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda “Korrupsiyaga yo‘l qo‘yish esa – islohotlarimizga xiyonatdir. Bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha 2026-yilda “favqulodda holat” joriy etish yuzasidan bergan topshiriqlari va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining 2025-yil
13-sentabrdagi 40-son topshirig‘i ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan Sharof Rashidov tumanini “korrupsiyadan holi” hududga aylantirish, aholi orasida korrupsiyaga qarshi murosasiz muhit yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar Dasturi asosida korrupsiyaga qarshi kurashishni barcha davlat va nodavlat tuzilmalari, hokimliklar, keng jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqamiz, jamiyatning barcha qatlamlari salohiyatini birlashtirish yo‘lidan boramiz. Jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasizlik muhitini shakllantirishning barcha choralarini ko‘ramiz.
Natijada, mazkur tadbirlar kriminogen vaziyatni nazorat qilish, sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha shaxslarni tezkorlik bilan izlab topish hamda jinoyatga jazo muqarrarligi ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shmoqda.
Bundan tashqari, sodir etilgan jinoyatlarni har kuni tezkor tahlil qilib, manzilli tadbirlarni belgilash, kunlik so‘rov va nazorat tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Aziz vatandoshlar!
Albatta, tumanimizda jinoyatchilik va korrursiyaning oldini olishda, umuman barcha sohalarda qonuniylikni ta’minlashda, eng avvalo, mahalla ahli, yoshlar va nuroniy tashkilotlar faollariga, turli mehnat jamoalaridagi jonkuyar va vatanparvar insonlarga, ularning amaliy yordami va hamkorligiga tayanamiz.
Agarda har bir fuqaro tumanimizni jinoyatdan, korrupsiyadan holi, tinch va xavfsiz o‘lkaga aylantirishga o‘z hissasini qo‘shsa barchamiz bir tanu, bir jon bo‘lib birgalikda kurashsak ko‘zlangan maqsadga albatta erishamiz.
Qadrli tumanimiz aholisi!
Jinoyatchilikning oldini olishda har birimiz hushyorlikni oshirishimiz, shubhali internet ilovalariga kirmaslik, notanish shaxslarga hisob raqamlar va tasdiqlash kodlarini bermaslik, mol-mulklarni qarovsiz qoldirmaslik lozimligi haqida yana bir bor ogohlantirib o‘tmoqchiman.
Qonunlarga qat’iy rioya etish, o‘zgalar huquqi, sha’ni va qadr qimmatini, mol-mulki daxlsizligini hurmat qilish, oila mustahkamligini ta’minlash, jamiyatda yurish-turish qoidalariga rioya qilish ham qonuniy ham insoniy burchimiz ekanini ham doimo yodda tutishimiz zarur.
Aziz yurtdoshlar, keling, barchamiz shu yo‘lda muhtaram Prezidentimizga yelkadosh bo‘lib, qonun ustuvor, adolat hukmron bo‘lgan jamiyatni birgalikda barpo etaylik!
KARIMOV JAXONGIR SHUKUROVICH
Sharof Rashidov tumani IIB boshlig‘i
