KORRUPSIYA — TARAQQIYOT KUSHANDASI
2026-02-19 17:00:00 / Yangiliklar

Korrupsiyaning eng keng tarqalgan turlariga davlat mulkini talon-taroj qilishlik, poraxoʻrlik, firibgarlik, tovlamachilik kabi bir qator jinoyatlar kiradi. Bunday jinoyatlar iqtisodiyotni zaiflashtirib, siyosiy boshqaruvni izdan chiqarishi va fuqarolarning davlat tizimi va siyosiy tizimlarga nisbatan ishonchsizligini hamda noroziligini keltirib chiqaruvchi omillar deyishimiz mumkin.
Korrupsiya — bu jamiyatni turli yoʻllar bilan iskanjaga oladigan dahshatli illatdir. U demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi, inson huquqlari buzilishiga olib keladi, bozorlar faoliyatiga toʻsqinlik qiladi, hayot sifatini yomonlashtiradi va odamlar xavfsizligiga tahdid soladigan uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va boshqa hodisalar ildiz otib, gullashi uchun sharoit yaratib beradi.
«Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida»gi qonunning 9-moddasida bizning bu boradagi huquqlarimiz kafolatlangan. Qununga koʻra, jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiyaga oid huquqbuzarlik faktlariga doir murojaatlar toʻliq, xolisona va oʻz vaqtida koʻrib chiqiladi. Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar toʻgʻrisida axborot bergan shaxslarning himoya qilinishi ta’minlanadi.
Soʻnggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ishlar mutlaqo yangi bosqichga koʻtarildi. Prezidentimiz tashabbusi bilan butun mamlakatda tom ma’noda korrupsiyaga qarshi urush e’lon qilindi. Shu sababli loqaydlik, befarqlik, ikkiyuzlamachilik, tovlamachilik, firibgarlik, urugʻ-aymoqchilik, tanish-bilishchilik, poraxoʻrlik kabi illatlarning sodir etilishiga qarshi kurashda barchaning faolligi yaqqol koʻzga tashlanmoqda. Shu ma’noda joylarda va ta’lim muassasalarida korrupsiyaga oid tadbirlar, turli tanlovlar har yili oʻtkazilib kelinmoqda. Mamlakatimizning kelajagini va obroʻ-e’tiborini qadrlaydigan har bir vijdonli fuqaro bu kabi tahdidlarni esda tutmogʻi darkor. Halol mehnat qilish, oʻz bilimi, kuch-gʻayrati va ijodiy qobiliyatini sarflash uchun barqaror shart-sharoit boʻlishini istaydigan, farzandlari va yaqin kishilari kelajakda ham demokratik, fuqarolik jamiyatida sivilizatsiyalashgan bozor munosabatlarining samaralaridan toʻla-toʻkis foydalanishni orzu qiladigan har bir fuqaro, korrupsiya yoʻliga oʻz vaqtida zarur toʻsiq qoʻyilmasa, bu illatlar qanday ayanchli oqibatlarga olib kelishini anglash qiyin emas. Biz korrupsiya balosiga birgalikda, ahillik bilan, dadil qadamlar ila kurashmogʻimiz zarur.
Yurtimizda sodir boʻlayotgan bunday holatlarga e’tibor bilan nazar tashlasak, korrupsiyaga qoʻl urgan, jinoyat ishi ochilgan odam, birinchi navbatda, qonunni buzadi, qolaversa, yon atrofga oʻzining kimligini, e’tiqodi, olgan tarbiyasi va ma’naviyati qay darajada ekanligini oshkor qiladi. Bunday kimsalar nafaqat davlatimizga moliyaviy ziyon yetkazadi, balki oʻzining va oilasining, butun boshli oilasi va yaqinlarining ham obroʻsini toʻkadi. Eng xatarlisi esa, bugungi kunda ham joylarda jinoyat sodir etilishiga imkon berilayotgan shart-sharoitlar, atrofdagilarning bunday holatga nisbatan befarqligi, qolaversa, bu illatni odamlar oddiy holat sifatida qabul qilayotganliklaridadir, deb hisoblaymiz.
Korrupsiyaga aralashgan, bu jirkanch illatga qoʻl urgan odam uchun aziz narsalar, moʻtabar tuygʻularning qadri yoʻqoladi. Bunday odamlar hayotda hamma narsani sotib olish va sotish mumkin, deb oʻylaydi. Ular uchun hayot faqat puldan iborat, deb qarash fikri ustunlik qiladi. Imon-e’tiqod, or-nomus, vijdon, xullas, umuminsoniy qadriyatlar, ular uchun xuddiki ertakdir. Shu bois ham ular ota-onasi, qarindosh-urugʻlari, yoru birodarlari, mahalla-koʻyning yuzini yerga qaratishdan, boshini egishdan uyalmaydi.
Hammamiz yaxshi bilamiz, qonun huquqiy munosabatlarni tartibga soladi. Vakolatlar, huquq va majburiyatlarni, amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni belgilab beradi. Agar qonun hayotda ishlamasa, uning bir necha varaq oddiy qogʻozdan farqi qolmaydi. Shunday ekan, «korrupsiya haqida farmon qabul qilindi, endi hammasi iziga tushib ketadi», deb oʻylash, xotirjamlikka berilish katta xato boʻladi. Korrupsiya balosidan qutulish, ayniqsa, ta’lim sohasini uning changalidan ozod etish haqida hammamiz oʻylashimiz, buning zaruratini har birimiz yuragimizdan oʻtkazishimiz, unga qarshi qat’iy kurashishimiz lozim.
Bu kurash kundalik hayotimizdagi oddiy holatlardan boshlanadi. Shifokordan yaxshiroq maslahat olish, navbatni tezlashtirish, reyting daftarchasiga tuzukroq baho qoʻydirish va hokazo vaziyatlarda oʻzimizni munosib tutishimiz lozim boʻladi.
Shuning uchun ham aholining, ayniqsa, yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, xususan, davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining huquqiy savodxonligini yanada oshirish orqaligina koʻzlangan natijalarga erishishimiz mumkin.
Xulosa oʻrnida alohida ta’kidlaymanki, biz korrupsiya illatini mutlaqo qoralaymiz va mustaqil davlatimizning nurli kelajagi hamda mamlakatimizni eng rivojlangan davlatlar qatoridan munosib joy olish yoʻlida hamisha Prezidentimizga kamarbastamiz va bu borada bizga bildirilayotgan yuksak ishonchni, albatta, oqlaymiz!!!
Sharof Rashidov tumani
Adliya bo‘limi boshlig‘i R.Sh.Abduganiyev
