“Houyun Supply Chain” kompaniyasi 2016-yilda Xitoy Xalq Respublikasining Xenan viloyati, Denchjou shahrida tashkil etilgan. Kompaniya zamonaviy qishloq xo‘jaligi xizmatlarini ko‘rsatuvchi yirik agroservis korxonasi hisoblanadi.
2026-02-02 15:00:00 / Yangiliklar

Kompaniya o‘z faoliyatida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish samaradorligini oshirishni asosiy ustuvor yo‘nalish etib belgilagan bo‘lib, yuqori samarador, barqaror va ekologik toza qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaratilgan standartlashtirilgan dehqonchilik amaliyotlarini joriy etish, qishloq xo‘jaligini sanoatlashtirish tamoyillariga asoslangan ish yuritish, shuningdek, raqamlashtirish va axborotlashtirish jarayonlarini kuchaytirishga ixtisoslashgan yetakchi agroxizmat ko‘rsatuvchi kompaniya hisoblanadi.
Ayni paytda kompaniya Xebey, Xenan, Xubey, Xunan, Shandun, Anhuy, Sichuan, Guangsi va Yunnan kabi 10 ta provinsiya, 30 dan ortiq shahar va tumanlarda joylashgan 40 ming gektardan ortiq yer maydonlarini to‘liq raqamli agroxizmatlar tamoyili asosida boshqarib kelmoqda.
Shuningdek, “Houyun Supply Chain” kompaniyasi vakillari Sharof Rashidov tumaniga amaliy tashrif buyurib, tuman hokimi Asilbek Ashurov boshchiligida tuman hududidagi mavjud yer maydonlari, jumladan, Ravot mahallasida joylashgan asosiy yer uchastkalari bilan yaqindan tanishdilar. Tashrif davomida yer resurslaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish hamda zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Kompaniya Xitoy qishloq xo‘jaligini yangi bosqichga olib chiqish, yosh avlodning qishloq xo‘jaligiga bo‘lgan qiziqishini oshirish maqsadida raqamli platformalar yaratish, ilg‘or “aqlli” qishloq xo‘jaligi texnikalarini joriy etish, avtonom (haydovchisiz) fermer xo‘jaligi texnikalarini rivojlantirish orqali qo‘l mehnatini sezilarli darajada kamaytirish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirmoqda.
Bu esa qishloq xo‘jaligi sohasiga nisbatan jamiyatda shakllangan “og‘ir va mashaqqatli mehnat” haqidagi tasavvurni o‘zgartirib, ko‘plab yoshlarni ushbu sohani zamonaviy, istiqbolli va jozibador kasb sifatida qabul qilishga undamoqda. Natijada yoshlarning qishloq hududlarida faoliyat yuritishi, qishloqlarni rivojlantirish hamda qishloq xo‘jaligini yuqori sifatli taraqqiyot bosqichiga olib chiqishga xizmat qilmoqda.






