Davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan olinishi mumkin bo‘lgan sovg‘a qiymati, shuningdek uni tasarruf etish tartibi
2026-01-26 10:00:00 / Yangiliklar
Davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan xizmat safarlari, xalqaro
va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan olinishi mumkin
bo‘lgan sovg‘a qiymati, shuningdek uni tasarruf etish tartibi
O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining 2023 yil 11 martdagi 54-sonli buyrug‘i bilan “Davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan olinishi mumkin bo‘lgan sovg‘a qiymati, shuningdek uni tasarruf etish tartibi to‘g‘risidagi nizomi tasdiqlangan.
Mazkur Nizom davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan olinishi mumkin bo‘lgan sovg‘a qiymati, shuningdek uni tasarruf etish tartibini belgilaydi.
Davlat fuqarolik xizmatchisi unga xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan mehmondo‘stlik belgisi sifatida bildirilgan taklifni qabul qilishi mumkin, taklifning beg‘arazligiga shubha sezgan taqdirda taklifni darhol rad etishi va aloqa vositalari orqali bu haqda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘linmasini ogohlantirishi shart.
Davlat fuqarolik xizmatchisi xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan taqdim etilgan sovg‘ani ushbu tadbirlardan qaytib kelgan kundan boshlab uch ish kuni ichida bo‘linmaga sovg‘aning qiymatini tasdiqlovchi tegishli hujjatlar mavjud bo‘lsa, ushbu hujjatlar bilan birga taqdim etishi shart.
Tez yaroqsiz holga keluvchi mahsulotlar sovg‘a sifatida rasmiylashtirilmaydi hamda ushbu sovg‘alar xizmatchi tomonidan o‘z xohishiga ko‘ra tasarruf etiladi.
Sovg‘aning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 4 (to‘rt) baravariga teng yoki undan ko‘p bo‘lmagan miqdorda ekanligi aniqlangan taqdirda, sovg‘a davlat fuqarolik xizmatchisida qoldiriladi va dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
Sovg‘aning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 4 (to‘rt) baravaridan ortiqligi aniqlangan taqdirda, sovg‘a moliya-iqtisod bo‘linmasi tomonidan davlat organining balansiga kirim qilinadi.
Davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan xalqaro va boshqa tadbirlar munosabati bilan qabul qilingan sovg‘alar Xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan qabul qilingan sovg‘alar bo‘yicha reystrda (Sovg‘alar reystri) ro‘yxatga olinishi belgilangan.
Viloyat hokimligi Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat sho‘basi
