O‘g‘rilik jinoyati tushunchasi va uning salbiy oqibatlari
2026-01-22 10:00:00 / Yangiliklar

O‘g‘rilik jinoyati tushunchasi va uning salbiy oqibatlari
O‘g‘rilik jinoyatining tushunchasi.
O‘g‘rilik deganda o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish tushuniladi.
O‘g‘rilik iqtisodiyot sohasidagi eng keng tarqalgan jinoyatlardan biridir. Talon-toroj qilishning barcha shakllari ichida o‘g‘rilik jinoyati sodir etilish usuli jihatidan nisbatan kam xavfli hisoblanadi, chunki unda jismoniy yoki ruhiy zo‘rlik ishlatilmaydi, aybdor shaxs o‘z vakolatlaridan yoki aldash usullaridan foydalanmaydi. Jinoyatchi huquqqa xilof ravishda va yashirin holda, ya’ni boshqa shaxslarga sezdirmagan holda, mulkdorning xohish-irodasiga qarshi o‘zganing mol-mulkini egallaydi va uni o‘z mulkidek tasarruf eta boshlaydi.
Biroq statistika ma’lumotlariga ko‘ra, o‘g‘rilik o‘zganing mol-mulkini talon-toroj qilishning eng ko‘p uchraydigan usuli bo‘lib, bu holat uning ijtimoiy xavfliligini oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1999 yil 30 aprel kungi **6-sonli “O‘zgalar mulkini o‘g‘rilik, talonchilik va bosqinchilik bilan talon-toroj qilish jinoyat ishlari bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”**gi qarorida o‘g‘rilikka quyidagicha tarif berilgan:
“Jabrlanuvchining yoki boshqa shaxslarning yo‘qligida, yoxud ular bor bo‘lsa-da, ularga bildirmasdan o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish o‘g‘rilik hisoblanadi. Agar jabrlanuvchi yoki boshqa shaxslar mol-mulkning olinayotganini ko‘rgan bo‘lsalar, biroq aybdor buni sezdirmasdan harakat qilayapman deb o‘ylagan bo‘lsa, bunday qilmish ham o‘g‘rilik deb baholanadi”.
O‘g‘rilik jinoyatining obyekti — o‘zganing mulkidir.
Obyektiv tomoni — o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilishda ifodalanadi.
Jinoyatchi o‘zganing mol-mulkini egallab, undan o‘z xohishicha foydalanish yoki tasarruf etish imkoniyatiga ega bo‘lgan paytdan boshlab, o‘g‘rilik jinoyati tugallangan hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi
O‘g‘rilik, ya’ni o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish —
bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘g‘rilik quyidagi holatlarda og‘irlashtiruvchi hisoblanadi:
-
jabrlanuvchining kiyimi, sumkasi yoki boshqa qo‘l yukiga nisbatan (kissavurlik);
-
ancha miqdorda;
-
bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;
-
uy-joyga, omborxonaga yoki boshqa xonaga g‘ayriqonuniy ravishda kirib;
-
umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga tijorat maqsadlarida o‘zboshimchalik bilan ulanish yoxud hisobga olish asboblariga qasddan shikast yetkazish yoki ularning ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish orqali sodir etilgan bo‘lsa —
bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravarigacha jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘g‘rilik:
-
takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
-
axborot tizimiga qonunga xilof ravishda kirib sodir etilgan;
-
ko‘p miqdorda;
-
neft, gaz quvurlarida sodir etilgan bo‘lsa —
besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘g‘rilik:
-
juda ko‘p miqdorda;
-
o‘ta xavfli retsidivist tomonidan;
-
uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan bo‘lsa —
sakkiz yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Amaliy misol
Jumladan, Abdullaev Abdulla 2022 yil 1 fevral kuni soat 00:30 larda Sharof Rashidov tumani “Yangiobod” mahallasida joylashgan A. Anvarovga tegishli savdo do‘konining o‘ng yon tomonidagi 126 900 so‘mlik “Akfa” rom oynasini sindirib, do‘kon ichidan jami 6 497 000 so‘mlik pul va turli xil tovar-moddiy boyliklarni o‘g‘irlab, voqea joyidan yashiringan.
Shuningdek, u xavfli retsidivist bo‘la turib, jinoyatini takroran davom ettirib, shu kuni soat taxminan 01:30 larda “Yangiobod” ko‘chasida joylashgan yangi qurilgan ko‘p qavatli uyning oldiga kelib, 1-qavatda joylashgan temir panjara ichida turgan bahosi 1 350 000 so‘m bo‘lgan “Desna” rusumli velosipedni o‘g‘irlab, voqea joyidan yashiringan.
Sud majlisida ayblanuvchi A. Abdullaev o‘z aybiga qisman iqror bo‘lib, do‘kondan o‘g‘irlangan mahsulotlarni iste’mol qilganini, velosipedni esa o‘zida saqlaganini, pushaymon ekanini va suddan yengillik so‘raganini bayon qilgan.
Sud hukmi
Sud hukmiga ko‘ra, A. Abdullaev O‘zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 60-moddasi qo‘llanilgan holda, unga 5 yil 9 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Sharof Rashidov tuman sudining raisi
Z. Xudayberdiev
