Hokimiyat haqida

Shayxontohur tumani – Toshkentdagi maʼmuriy-hududiy birlik. 1929-yil Oktabr tumani nomi bilan tuzilgan. 1992-yilda Shayxontohur (Shayx Xovandi Tohur) tumani deb oʻzgartirilgan. 1978-yildan hozirgi chegarada. Shimoli-gʻarbda Zangiota tumani, shimolida Olmazor tumani (sobiq Sobir Rahimov)[6], shimoli-sharqda va sharqda Yunusobod, janubda Chilonzor va Yakkasaroy, gʻarbda Uchtepa tumani (sobiq Akmal Ikromov)[6] tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 2,73 ming ga, shu jumladan koʻkalamzorlashtirilgan maydonlar 0,832 ming ga. Aholisi 360,5 ming kishi[5] (2023). Koʻchalar soni 622 ta. Asosiy magistrallari: Abdulla Qodiriy, Navoiy, Oʻzbekiston, Beruniy shohkoʻchalari, Furqat, Uygʻur, Samarqand darvoza koʻchalari. Xalqlar doʻstligi, Xadra, Chorsu, Oqtepa maydonlari, 48 ta mahalla bor.
Tumanda 3379 ga yaqin korxona va tashkilot mavjud. 9 ta sanoat korxonasi, shundan „Sharq guli“ badiiy, Toshkent tikuvchilik, „Orzu“ ishlab chiqarish birlashmalari, Toshkent matbaa kombinati, koʻnmoʻyna zavodi va boshqa ishlab turibdi. 3069 ga yaqin kichik va oʻrta biznes subyektlari qayd etilgan. Shayxontohur tumanida 18 ta vazirlik, davlat qoʻmitalari va yirik idoralar, meʼmorlik va shaharsozlik bosh boshqarmasi, 11 ta loyihalash instituti, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi, Seysmologiya, Polimerlar kimyosi va fizikasi, Mikrobiologiya institutlari, Webster universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, 16 ta oʻrta maxsus oʻquv yurti, 42 ta umumiy taʼlim maktabi va boshqa muassasa, tashkilotlar bor. 10 ta oilaviy va stomatologiya shifoxonasi, 18 ta poliklinika va ambulatoriya, 8 ta kasalxona xizmat koʻrsatadi. Mustaqillik yillarida tuman hududida Oʻzbekiston konservatoriyasi, Islom universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qoshidagi akademik litsey qurildi, Oʻzbek milliy akademik drama teatri, „Chorsu“ savdo markazi binolari hamda Eski joʻva bozori qayta taʼmirlandi.
Eng yirik guzarlari: „Gulzor“, „Ipakchi“, „Koʻkcha“, „Islomobod“. Tumanda „Yangi Kamolon“, „Huvaydo“, „Bogʻkoʻcha“, „Choʻponota“, „Ipakchi“ mahallalarida katta sport maydonlari mavjud. 562 oziq-ovqat, 346 sanoat mollari doʻkonlari, 174 maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari, „Chorsu“ savdo markazi tuman aholisiga xizmat koʻrsatadi.
Oʻzbek milliy akademik drama teatri, Abror Hidoyatov nomidagi Oʻzbek davlat drama teatri, Satira teatri, Rus yosh tomoshabinlar teatri, sirk, „Sanʼat saroyi“, „Oʻzkoʻrgazmasavdo“ saroyi, 9 ta madaniyat uyi va muassasasi, Kino uyi, 22 ta jamoat kutubxonasi, 4 ta kinoteatr va boshqa, "Paxtakor" stadioni, "JAR" sport majmui, „Sharq“, „Xadra“, „Yoshlar uyi“, „Sun Shine Tyron“ mehmonxonalari ishlab turibdi. Tuman hududida meʼmoriy yodgorliklaridan Koʻkaldosh madrasasi (XVI asr), Yunusxon (XV asr), Shayx Zayniddin bobo (XIII-XIV asrlar) maqbaralari saqlangan.
Shayx Xovandi Tohur haqidagi rivoyat
Shayx Xovandi Tohur Shayx Umar Bog‘istoniy o‘g‘li bo‘lgan. Rivoyat qilinishicha, Umar Bog‘istoniy uzoq vaqt farzandsiz bo‘lib, bir kuni rafiqasi bilan Shayx Zayniddin maqbarasiga kelib, Allohdan farzand ato etishini iltijo qiladi. Ko‘p o‘tmay ularga o‘g‘il farzand ato etiladi va Shayx Umar uni Shayx Zayniddin maqbarasiga olib keladi. Shu yerda kaptarlar chaqaloqni ko‘rib “at-tahur, at-tahur” deb sayray boshlaydi. Shayx Umar buni xushxabar deb bilib, o‘g‘liga Xovandi Tohur (“pok shayx”) deb ism qo‘yadi.
Shayx Xovandi at-Tohur ilohiyot va tasavvuf bo‘yicha dastlabki saboqlarni otasidan olgan. Uning ona tomondan bobosi Mavlono Tojiddin Darg‘amiy “Rashahat Ayn al-Hayot” asarida yozishicha, Shayx Xovandi at-Tohur islom ilohiyoti va tasavvufining yirik namoyandalaridan biri bo‘lib, yuksak ruhiy darajaga yetgan. U Yassaviylik tariqati vakillaridan tariqat yo‘lini o‘rgangan, zohiriy va botiniy ilmlarni puxta egallagan hamda shayxlar orasida yuksak maqomga erishgan. Xovandi at-Tohur ismi “nihoyatda pok xizmatkor” degan ma’noni anglatadi. U yakka xudolik haqidagi ta’limotni va tasavvufiy tushunchalarni sharhlab bergan, shuningdek, she’riyat bilan ham shug‘ullangan.
