Shahrisabz tumani prokurori B.Bekbutayevning tuman aholisiga murojaati
2026-10-05 18:20:00 / Yangiliklar

MUROJAATNOMA
Hurmatli tumanimiz ahli! Davlatimiz siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri — qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish hamda har bir mahallada osoyishtalik muhitini qaror toptirishdir. Shu bois, Shahrisabz tuman prokuraturasi tomonidan mahallabay ishlash tizimi asosida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarliklarga chek qo‘yish borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Inson qadri ulug‘langan yurtda yashash va mehnat qilish uchun, eng avvalo, xavfsiz muhit zarur. Ammo tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, tumanimiz mahallalarida sodir etilayotgan oilaviy-maishiy nizolar, o‘g‘rilik, firbgarlik (shu jumladan, kiberjinoyatchilik) va yoshlar o‘rtasidagi huquqbuzarliklar hanuzgacha jamiyatimiz rivojiga va xonadonlar osoyishtaligiga raxna soladigan omil bo‘lib qolmoqda.
Jinoyatchilikka qarshi kurashish faqatgina huquq-tartibot organlarining vazifasi emas. «Jinoyatga qarshi hamjihatlikda kurashish» tamoyili asosida har bir fuqaroning ogohligi va jamoatshilik nazorati bu borada eng katta kuch hisoblanadi.
Shu munosabat bilan, Shahrisabz tuman prokuraturasi tuman ahlini va mahalla faollarini quyidagi muhim yo‘nalishlarda faol hamkorlikka chaqiradi:
- Qonunga hurmat va murosasizlik kayfiyati: Mahallada har qanday ko‘rinishdagi qonunbuzilish holatlariga nisbatan «loqaydlik» va «menga daxli yo‘q» qabilida yondashishga chek qo‘yishimiz lozim. Kichik bir huquqbuzarlikka e’tiborsoftlik ertaga katta jinoyatga yo‘l ochishi mumkin.
- Oilaviy nizolarning barvaqt oldini olish: Oilalardagi davomli kelishmovchiliklar, tazyiq va zo‘ravonlik holatlari haqida o‘z vaqtida mahalla faollari va profilaktika inspektoriga xabar berish, og‘ir oqibatli maishiy jinoyatlarning oldini olishda muhim ahamiyatga ega.
- Yoshlar tarbiyasi va nazorati: Farzandlarimizning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ularni turli yot g‘oyalar, giyohvandlik va ichkilikbozlik balosidan asrash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish barchamizning oliy burchimizdir.
- Kiberjinoyatlardan ogohlik: Bugungi kunda tez-tez uchrayotgan plastik kartalardan pul o‘g‘rilash va boshqa turdagi firbgarliklar tuzog‘iga tushib qolmaslik uchun aholi o‘rtasida, ayniqsa, keksalar va yoshlar orasida ogohlikni oshirish zarur.
- Shubhali holatlar yuzasidan tezkor aloqa: Mahalla hududida jamoat tartibini buzayotgan, shubhali xatti-harakatlar sodir etayotgan yoki noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan shaxslarni ko‘rganingizda, zudlik bilan huquq-tartibot organlariga (102 yoki Ishonch telefonlariga) xabar berishingizni so‘raymiz.
Muhtaram yurtdoshlar! Shahrisabz tuman prokuraturasi Sizning xavfsizligingiz, huquqlaringiz va qonuniy manfaatlaringizni himoya qilish yo‘lida doimo xolis va qat’iy turadi. Tumanimiz mahallalarini jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish, kelajak avlodga osoyishta va obod vatan qoldirish umumiy maqsadimizdir.
Qonun ustuvorligi va jinoyatga jazoning muqarrarligi ta’minlanishida Shahrisabz tuman prokuraturasi bilan yaqindan hamkorlik qilishingizga ishonamiz.
