Shahrisabz tuman IIB boshlig‘i podpolkovnik Yo‘ldoshev Obidjon Zokirovichning tuman aholisiga murojaati
2026-11-06 11:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

MUROJAATNOMA
Hurmatli tumanimiz ahli! Mamlakatimiz hududida tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, mahallalarda xavfsiz muhit yaratish, huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolarimizning huquq va erkinliklarini himoya qilish — doimo eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olish va fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash borasida tizimli islohotlar izchil davom ettirilmoqda. Jumladan, joriy yil 5-mart kuni bo‘lib o‘tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishida ushbu yo‘nalishdagi ishlarni yanada jadallashtirish, sohaviy tizimlarda raqamlashtirish jarayonlarini kengaytirish hamda jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar belgilab berildi.
Korrupsiyaga qarshi kurash — barchamizning burchimiz!
Bugungi kunda korrupsiya nafaqat iqtisodiyot va siyosiy tizimlarga, balki jamiyatning ma’naviy poydevoriga ham jiddiy zarar yetkazayotgan illatdir. Shu sababdan, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida e’tirof etilgan.
HMQ organlari ham bu borada halollik, poklik va qonun ustuvorligi tamoyillariga asoslangan faoliyat olib bormoqda. Ammo korrupsiyaga qarshi kurashish faqat davlat idoralarining emas, butun jamiyatning, har bir fuqaromizning burchi va vijdon sinovidir. Chunki halollik bo‘lmagan joyda ishonch va taraqqiyot bo‘lmaydi.
Hurmatli tumandoshlar!
Shuningdek, Prezidentimizning 2025-yil 30-apreldagi PQ–153-son qarori bilan “Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hujjat qabul qilinib, mamlakatimizda kiberxavfsizlikni ta’minlashning normativ-huquqiy, tashkiliy va profilaktik asoslari mustahkamlandi.
Shahrisabz tumanida ham kiberxavfsizlikni ta’minlash doirasida keng qamrovli targ‘ibot-tashviqot ishlari, davra suhbatlari va profilaktik uchrashuvlar o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan bo‘lib, amaliy ishlar boshlab yuborildi. Ushbu tadbirlarning asosiy maqsadi fuqarolarning kiberxavfsizlik madaniyatini yuksaltirish, ularning raqamli muhitdagi xatti-harakatlarini huquqiy ong asosida shakllantirishdan iborat.
Hurmatli fuqarolar,
Bugungi kunda axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi bilan birga, kiberjinoyatlar ham jiddiy ijtimoiy xavf tug‘dirayotgan hodisaga aylandi. Bu jinoyatlar nafaqat shaxsiy ma’lumotlar va moliyaviy manfaatlarga, balki jamiyatdagi ishonch va adolat tamoyillariga ham tahdid solmoqda.
Shu yilning o‘zida tumanda 185 ta kiberjinoyatlar qayd etilgan. Ushbu raqamlar har birimizdan hushyorlik, mas’uliyat va huquqiy savodxonlikni oshirishni talab qiladi.
Shu bois, har bir fuqaro o‘zini va yaqinlarini kiberfiribgarlik va raqamli tahdidlardan himoya qila olishi uchun quyidagi asosiy tavsiyalarni yodda tutishi zarur:
1. Kuchli parollardan foydalaning.
Har bir akkaunt uchun alohida, murakkab va taxmin qilish mushkul bo‘lgan parollar tanlang. Oddiy “123456”, “qwyerty” kabi parollardan saqlaning hamda ikki bosqichli autentifikatsiyani yoqing.
2. Shaxsiy ma’lumotlaringizni himoya qiling.
Pasport, bank kartasi va telefon raqamlaringizni notanish shaxslarga oshkor qilmang. Ijtimoiy tarmoqlarda ortiqcha ma’lumot joylashtirmang.
3. Firibgarlik xabarlariga ishonmang.
“Sovrin yutdingiz”, “MIBdan qarzdorlik” yoki “Hisobingiz bloklandi” kabi shubhali xabarlar orqali sizning ma’lumotlaringizni o‘g‘irlashga urinishlar bo‘lishi mumkin — ularga javob yozmang, havolalarni ochmang.
4. Qurilmalaringizni muntazam yangilang. Antivirus dasturlarini o‘rnatib, operasion tizim va brauzerlarni doimo yangilab boring.
5. Internet va Wi-Fi xavfsizligiga e’tibor bering.
Ochiq Wi-Fi tarmoqlarida shaxsiy ma’lumot kiritmang, routeringizga mustahkam parol qo‘ying.
6. Onlayn xaridlarda ehtiyotkor bo‘ling. Faqat ishonchli saytlarda xarid qiling, bank kartangiz ma’lumotlarini hech kim bilan ulashmang.
7. Farzandlaringizni ogohlantiring. Bolalarga internetdagi xavflarni tushuntiring, ular uchun xavfsiz rejimlarni yoqing va nazorat dasturlaridan foydalaning.
8. Shubhali holatlar haqida darhol xabar bering.
9.Ikki bosqichli autentifikatsiyani (2FA)yoqish-Hisoblaringiz xavfsizligini oshiradi.
10.APK qo‘riqchi ilovsiga ulaneng.
11.Qonunlarga rioya qilish-Axborot texnologiyalari sohasidagi milliy qonunchilik va ichki xavfsizlik qoidalariga amal qileng.
Agar kiberfiribgarlik yoki huquqbuzarlik holatiga duch kelsangiz, darhol 102 – Ichki ishlar bo‘limi navbatchi qismiga murojaat qiling.
“Kiber madaniyatni oshirish” doirasida o‘zimizdan, oilamizdan va atrofimizdan boshlab, raqamli madaniyatni oshirishga hissa qo‘shaylik. Korrupsiyaga qarshi kurashishda esa halollik va poklik mezoniga sodiq qolaylik.
Birgalikda xavfsiz, adolatli va raqamli madaniyatli jamiyatni barpo etamiz!
