Shahrisabztumani hokimining Korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari yuzasidan fuqarolarga murojaati
2025-12-11 15:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Shahrisabztumani hokimi Samad Xasonovning Korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari yuzasidan fuqarolarga murojaati
Shahrisabz tumanida ham korrupsiyaga qarshi kurashish borasida qator amaliy ishlar amalga oshirilmoqda. Xalq deputatlari tuman Kengashining “Korrupsiyaga qarshi kurashish va xavfsizlik masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi” faoliyat yuritib, muntazam ravishda mahalliy tashkilot va muassasalarda profilaktika tadbirlarini tashkil etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi “Davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari mustaqilligini ta’minlash hamda faoliyati samaradorligini oshirish choratadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-147-sonli va viloyat hokimining 2025-yil 23-apreldagi 191-4-0-Q/25-sonli qarorlari ijrosi yuzasidan tumanda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini takomillashtirish, profilaktika va nazorat mexanizmlarini kuchaytirish bo‘yicha hokim qarori qabul qilindi. Mazkur hujjat asosida davlat organlari va tashkilotlari hamda ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalarining ustuvor vazifalari belgilandi. Jumladan, korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olish, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish, maishiy korrupsiyani kamaytirish, raqamlashtirish va byurokratiyani qisqartirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, idoraviy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish, muntazam ravishda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga elektron hisobot taqdim etish, xavf-xatarlar ro‘yxatini shakllantirish va ularni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni tasdiqlash vazifalari belgilab qo‘yildi. Shuningdek, situatsion markazlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, mehnat jamoalarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik va odob-axloq qoidalariga rioya qilish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish hamda ijobiy tajribalarni ommalashtirish vazifalari ham qarorda o‘z aksini topdi.
Shuningdek, Xalq deputatlari tuman Kengashining qaroriga muvofiq, “Qashqadaryo viloyatida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha Yo‘l xaritasi” ijrosi doirasida tibbiyot sohasida “Korrupsiyasiz soha” loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu loyiha orqali sog‘liqni saqlash tizimida korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlarini oldini olish, sabab va shart-sharoitlarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish mexanizmlari joriy etildi.
Tumanda adliya bo‘limi huzuridagi Yuridik markaz tomonidan tashkilot va korxonalar ishlab chiqayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash mezonlariga muvofiq huquqiy ekspertizadan o‘tkazilmoqda. Bu orqali hujjatlarda manfaatlar to‘qnashuvi ehtimoli va korrupsiyaviy omillarni keltirib chiqaruvchi normalarning oldi olinmoqda.
Shu bilan birga, aholining huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida mahallalarda sayyor uchrashuvlar, profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, “ishonch telefonlari” raqamlari, targ‘ibot materiallari va eslatmalar keng jamoat joylarida joylashtirilmoqda.
Qadrli tumandoshlar!
Korrupsiyaga qarshi kurashish — bu faqat davlat idoralari yoki mansabdor shaxslarning vazifasi emas. Bu — har birimizning burchimizdir. Halollik, poklik va adolat bo‘lmasa, taraqqiyot va ishonch bo‘lmaydi.
Keling, jamiyatimizda halollik muhitini mustahkamlaylik, farzandlarimiz uchun adolatli va porloq kelajakni birgalikda quraylik!
Samad Xasanov, Shahrisabz tumani hokimi
