Hozirda Toshkent shahrining eng sanoatlashgan va eng katta hududlaridan biri bo'lgan Sergeli tumani 1967-yil 20-yanvar kuni tashkil etilgan.
Sergeli tumanining tashkil etilishiga turtki boʻlgan hodisa Toshkent shahrida yuz bergan 1966-yil 26-apreldagi zilzila voqealari bilan bogʻliqdir. Ushbu mudhish voqea natijasida Toshkent shahri chegarasiga tutash boʻlgan Toshkent viloyatining boʻsh yer maydonlarida aholi istiqomat qilishi uchun yogʻochdan uy-joylar qurila boshlanadi.
Dastlab Sergeli tumanidagi “Yoʻldosh” mavzesi tashkil etildi. Oʻtgan asrning 80-90-yillarida tumanda aholi sonining ortishi natijasida 4, 5 va 9-qavatli uylar qurilishi boshlandi.
"Sergeli” soʻzining kelib chiqishi tarixi borasida bir qancha qarashlar mavjud boʻlib, ularning har biri oʻziga xosdir. 2009-yili nashr etilgan “Toshkent” ensiklopediyasi ma'lumotlariga ko'ra, SERGELI – oʻzbek va qozoq xalqi (Katta juz) tarkibiga kirgan qabila bo'lib, Sergeliliklarning bir qismi Zarafshon vohasi qipchoqlari va Jizzax viloyatlari yuzlarining tarkibiga mayda urugʻ sifatida qoʻshilgan.
Toshkent uyezdining Yettikent, Oqjar, Zangiota, Qoʻshqoʻrgʻon, Niyozbek hududlari va Toshkent vohasida Sergeliliklar 1920-yilgi ro'yxatga asosan 1074 xonadonda yashovchi 8125 kishini tashkil etgan.
Shuningdek, tuman nomi mazkur hududda istiqomat qilgan Sirgʻali ota ismli avliyo nomidan kelib chiqqanligi toʻgʻrisida ham taxminlar bor.
Ammo bu shaxsning kim ekanligi, qachon va qayerda yashaganligi toʻgʻrisida aniq maʼlumotlar yoʻq. Ushbu qarash mahalliy aholi orasida keng tarqagan.
Hozirda Sergeli tumani eng katta hududga ega bo'lgan tumanlardan biridir.
Sergeli tuman tashkil etilganiga 56 yil bo'ldi va bugungi kunda aholi uchun yashash qulay bo'lgan manzilga aylandi.
Hozirda tuman hududi 5 218 gektar bo'lib, tarkibidagi 46 ta mahallada 226 mingdan ortiq aholi istiqomat qilmoqda. Aholining 76%ini oʻzbeklar, 24 fozini rus, koreys, tatar, qozoq va boshqa millat vakillari tashkil etadi.
Sergeli tumanidagi 26 ta maktabda 1 994 nafar pedagoglar 39 439 nafar o'quvchilarga ta'lim berishmoqda.
Shuningdek, 30 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti, 7 ta tibbiy muassasalar, 2 ta madaniyat markazlari, 5 ta masjid, hamda bolalar kutubxonasi va axborot-resurs markazi mavjud.
Tuman iqtisodiyoti esa asosan oziq-ovqat, elektrotexnika, mashinasozlik va boshqa turdagi ishlab chiqarish sohalariga ixtisoslashgan.
Sergeli tumanida bugungi kunda 9 ta yirik sanoat korxonasi, 5822 ta kichik biznes subyektlari, shulardan 1 096 ta kichik sanoat korxonalari ochilgan. Tumanning shahar iqtisodiyotidagi sanoat ulushi 11,4 foizni tashkil etmoqda.
Shuningdek, 2022-yilning o'zida umumiy qiymati 1 trln 150 mlrd so'm bo'lgan 59 ta investitsiya loyihalari amalga oshirildi.
Tuman bo'yicha hozirgi davrda jami 18 422 ta yakka tartibdagi uylar va 668 ta koʻp qavatli uylar mavjud bo'lib, jami xonadonlarning soni 34 127 tani tashkil etadi.
2020-yil 29-maydagi Prezident Shavkat Mirziyoyevning Sergeli tumaniga qilgan tashrifidan so'ng, tumandagi islohot va bunyodkorlik ishlarida yangi bosqich boshlandi.
Xususan, Toshkent shahrida yana bir alohida Yangihayot tumani tashhkil etilib, Toshkent viloyati Zangiota tumanidan umumiy maydoni 1900 gektar hudud Sergeli tumani tarkibiga o‘tkazildi.
Shuningdek, tumandagi aholining poytaxtning boshqa tumanlari bo'ylab transport qatnovni osonlashtirish maqsadida yangi yer usti metro liniyasi foydalanishga topshirildi.
Uzunligi 7 kilometrlik mazkur temir yo‘lda beshta bekat barpo etilib, ushbu yo‘nalishda kuniga 80 mingtagacha yo'lovchilar harakati ta'minlanmoqda.
Bekatlar zamonaviy texnologiyalar, elektron to‘lovli turniketlar, eskalator va liftlar bilan jihozlangan. Ushbu islohotlar esa tuman aholisining hayotiga o'z ijobiy ta'sirini ko'rsatishga ulgurdi.
Ushbu metro liniyalari Poytaxt bo'ylab ishonchli, tirbandliklarsiz harakatlanishni ta'minlab, yangi uylar qurilishi va aholi sonining oshishiga xizmat qilmoqda.
Bir so'z bilan aytganda, Sergeli tumani yarim asrlik tarixi davomida bugun Respublikaning zamonaviy va rivojlangan hududlaridan biriga aylandi.
