Sergelida yoshlar bilan profilaktik uchrashuv o‘tkazildi.
2026-11-05 17:00:00 / Yangiliklar
Sergeli tumani “Yangi Bunyodobod” MFY hududida joylashgan PDP universitetida yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktik uchrashuv tashkil etildi.
Unda Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining huquqbuzarliklar profilaktikasi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, polkovnik Shavkat Narzullayev, Sergeli tumani prokurori, polkovnik U.B. Daulanov hamda tuman IIO FMB boshlig‘i, polkovnik Bahodir Anvarov ishtirok etdi.
Uchrashuvda tuman IIO FMB rahbarlariga biriktirilgan hamda probatsiya hisobida turgan yoshlar qatnashdi.
Tadbir davomida yoshlar o‘rtasida jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, probatsiya tartib-qoidalariga rioya etish hamda qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi. Shuningdek, giyohvandlik va psixotrop moddalar tarqalishining salbiy oqibatlariga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi.
Uchrashuv doirasida faol, tashabbuskorligi va mas’uliyati bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan yoshlar yetakchilari hamda rahbarlarga biriktirilgan bir qator yoshlar tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Shuningdek, pasport yoshiga yetgan to‘rt nafar yoshga ID-kartalari tantanali ravishda, gullar va sovg‘alar bilan birgalikda topshirildi.
Yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalanishi hamda sog‘lom va xavfsiz muhitda kamol topishini ta’minlashga qaratilgan profilaktik tadbirlar izchil davom ettiriladi.










