Sergeli tumani hokimi Ismatov Davron Raximdjanovich tuman aholisi va tadbirkorlariga murojaat yo‘lladi
2026-09-12 19:00:00 / Yangiliklar
Hurmatli tumanimiz aholisi va qadrli tadbirkorlar!
Davlatimiz rahbari tomonidan hududlarda aholi turmush farovonligini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish, ishsizlikni bartaraf etish hamda tadbirkorlik subyektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish tuman hokimlarining eng ustuvor vazifalaridan biri etib belgilab berildi.
Muhtaram Prezidentimizning Toshkent shahriga qilgan tashriflarida tumanimizdagi har bir ko‘cha, mahalla, maktab va bog‘chalar bo‘yicha aniq topshiriqlarni belgilab oldik.
Bizga, hokimlarga Davlatimiz rahbari kuni kecha juda muhim bir talabni qo‘ydilar: “Har bir tuman hokimi qaysi ko‘chada, qachon, nima o‘zgarish bo‘lishini mahalliy kengashda himoya qilib, aholiga e’lon qilishi kerak. Ana shunda odamlar har bir loyiha vaqtida topshirilishi va sifatini o‘zi talab qilib oladi.” deb ta’kidladilar.
Shundan kelib chiqib, Sergeli tuman hududidagi 46 ta mahallaning har biri, ularda joylashgan oila va tadbirkor bilan manzilli ishlashga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish zarur, deb hisoblayman.
BIRINCHIDAN, OCHIQ HAQIQAT VA HAL ETILISHI LOZIM BO‘LGAN MUAMMOLARGA TO‘XTALMOQCHIMAN:
Biz oldinga siljish uchun, avvalo, tumanimizdagi real holat va kamchiliklarni ochiq tan olishimiz kerak,
Tumanimizda maktabgacha ta’lim qamrovi hozirda 75 foizni tashkil qiladi — bu Sergeli tumanimizga yarashmaydigan past ko‘rsatkichdir.
Xizmatlar hajmi yil boshidan atigi 16,3 foizga o‘sgan, bu ham mavjud salohiyatimizga nisbatan juda kam.
Tumanda 1 200 dan ziyod o‘rta-maxsus ma’lumotli xodim talab qilinayotgan bo‘lsa-da, zamonaviy kasb-hunarga o‘qitadigan bor-yo‘g‘i 3 ta texnikumimiz bor.
Tumanimiz poytaxt va viloyat markazlarini bog‘lovchi qulay logistik hududda joylashgan bo‘lishiga qaramasdan yirik logistika markazlari yetishmaydi.
Bularni kamchilik deb tan olaman va ularning yechimi bo‘yicha barcha imkoniyat va resurslarni safarbar etib, shaxsiy mas’uliyatni to‘liq zimmamga olaman.
Ayni paytda 5 562 nafar aholi daromadini oshirish, 3 971 nafar ishsiz fuqarolarni doimiy va mavsumiy ish o‘rinlariga joylashtirish, 273 nafarini kasb-hunarga o‘qitish, 1 817 nafar norasmiy ishchilarni o‘zini o‘zi band qilish hamda 1 123 ta oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha aniq loyihalarni amalga oshirishimizda, hurmatli Prezidentimiz o‘rgatganlaridek, “inklyuziv yondashuv” asosida ishlarni tashkil qilaman.
Joriy yilning 1 dekabriga qadar Sergeli tumanini ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantiraman.
Buning uchun, har bir murojaat bo‘yicha “murojaatdan – natijagacha” tamoyili joriy etiladi:
O‘zim boshchiligimda barcha o‘rinbosarlarim, tuman tashkiloti rahbarlari, xalq deputatlari tuman kengashi a’zolari, jamoatchilik vakillari bilan birgalikda “mahalla yettiligi”, bankirlar va lider tadbirkorlarni jalb qilgan holda yangicha tizim asosida ishlarni tashkil etamiz;
Investitsiyalarni jalb etish, tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha Olmazor tajribasi asosida yangi boshqaruv mexanizmlari tatbiq etiladi;
Mahallalarda obodonlashtirish, sanitariya, yashil hududlarni kengaytirish va xavfsiz muhit yaratish bo‘yicha tizimli ishlar olib boriladi;
Rahbarlarning shaxsiy mas’uliyati kuchaytirilib, har bir topshiriq ijrosi bo‘yicha haftalik va oylik natijadorlik tahlillari yo‘lga qo‘yiladi.
Olmazor tumanida joriy etilgan ilg‘or tajribalarni Sergeli tumanida to‘liq tatbiq etish maqsadida barcha mahallalarda kundalik monitoring tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Vaziyatlar markazi imkoniyatlaridan keng foydalanilib, real vaqt rejimida har bir murojaat, har bir loyiha va har bir investitsiya tashabbusini shaxsan nazorat qilaman.
Belgilangan vazifalarni bajarish uchun barcha mavjud imkoniyat va resurslarni safarbar etaman hamda natijadorlikni ta’minlash yuzasidan shaxsiy mas’uliyatni to‘liq zimmamga olaman.
Shu bilan birga, 2026 yil yakuniga qadar 46 ta mahallalarda manzilli rivojlantirish dasturlari amalga oshirilib, har bir mahallaning iqtisodiy salohiyatini to‘liq ishga solish, 36 200 nafar aholining bandligi ta’minlash, tadbirkorlik subyektlari sonini 7 774 taga yetkazib, qo‘shimcha 815 ta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etamiz.
Umumiy qiymati yil yakuniga 16 ta yirik, istiqbolli loyihalarni ishga tushirib, ularda yaratiladigan 2 500 dan ortiq yangi ish o‘rinlariga eng avvalo kambag‘al oilalarning ishsiz a’zolarini, mehnat bozoriga yangi kirib kelgan bitiruvchilarni, migratsiyadan qaytishi kutilayotgan fuqarolarni, qolgan bo‘sh ish o‘rinlariga esa tumanimizga yaqin joylashgan Toshkent viloyatining Zangiota, Yangiyo‘l, O‘rta Chirchiq hududlaridan Sergeliga qatnab ishlaydigan fuqarolarni joylashtiramiz.
Yil oxirigacha 3 ta (“Yangi Sergeli”, “Mehrigiyo”, “Shokirariq” ko‘chalarni) savdo va xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan, 24/7 gavjum ko‘chalar tashkil etilib, 360 ta tadbirkorlik subyektlari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 1 000 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
2027 yilda 7 ta (Yangi Qo‘yliq, Mirzo Tursunzoda, Qipchoq, Porloq, Toshkent halqa avtomobil yo‘li, Lutfikor, Obihayot) ko‘chalarni zamonaviy qiyofaga keltirib, 24/7 rejimda ishlovchi gavjum ko‘chalarga aylantiramiz.
Toshkent halqa avtomobil yo‘li va Yangi Sergeli ko‘chasida 2 ta zamonaviy savdo va ko‘ngilochar markazlarini tashkil etamiz.
Shuningdek, “Obod mahalla” dasturi doirasida 11 ta (Nurhayot, Shukrona, Xonobod, Habibiy, Izzatli, Ziynat, Quruvchilar, O‘zgarish, Ittifoq, Mehrigiyo, Madaniyat) mahallada obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish hamda infratuzilmani yaxshilash ishlari yakunlanadi.
Har bir ko‘chada 6,8 km yo‘l qoplamasi va 12,4 km piyoda yo‘laklari quriladi, 780 ta yoritish va xavfsizlik kameralari o‘rnatiladi, birinchi qavatlardagi 245 ta savdo va xizmat obyektlari yagona ko‘rinishga keltiriladi, 25 000 kvadrat metr joy ko‘kalamzorlashtirilib, 420 ta o‘tirish joylari o‘rnatiladi hamda 6 ta yashil bog‘lar va 4 ta sun’iy ko‘llar yaratiladi.
Bundan buyon, har bir mahalla va ko‘cha bo‘yicha mas’ul hokim o‘rinbosari va pudratchi nomi, ishning boshlanish va tugash sanasi mahallaning e’lon taxtasiga ilinadi.
Ijtimoiy sohada 2026 yilning o‘tgan davri davomida “Ko‘hna Qumariq” mahallasida 1 ta yangi 1 650 o‘rinli (359-sonli) maktab, 352-sonli maktabda 720 o‘rinli, 47-sonli maktabda 990 o‘rinli qo‘shimcha o‘quv binolari qurib, foydalanishga topshirdik. Natijada maktablarda umumiy sig‘im 1,5 koeffitsiyentdan 1,3 koeffitsiyentga tushishiga erishdik.
Yuqori Darxon va Xontepa mahallalarida 2 ta yangi 270 o‘rinli (54, 82) maktabgacha ta’lim tashkilotlari qurilib, tumanimizda bolalarni maktabgacha ta’limga qamrov darajasi 75 foizga yetkazildi. Mazkur qurilish-ta’mirlash ishlariga budjetdan jami 66 mlrd so‘mlik mablag‘lar sarflandi.
Shuningdek, yil oxirigacha “Sadoqat” mahallasidagi 351-sonli maktabda Energiya samaradorligi milliy agentligi mablag‘lari asosida kapital ta’mirlash ishlari yakunlanadi.
2027 yilda mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan “BI group” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Xonobodtepa” mahallasida yangi loyiha asosida 1 835 o‘rinli maktab, “Qo‘shqo‘rg‘on” mahallasida 540 o‘rinli bog‘cha, “Qut-baraka” mahallasida Kichik olimpiya shaharchasi hamda “Kengmakon” mahallasida Islom taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan 1 650 o‘rinli yangi maktab qurilib, foydalanishga topshiriladi.
Bundan tashqari logistika yo‘nalishida AQSh, Buyuk Britaniya va Afg‘onistonlik investorlar bilan hamkorlikda yirik logistika loyihalarini amalga oshiramiz. Misol uchun, “Daryo bo‘yi” mahallasining 10 gektar maydonida “INTER LOGISTIC TERMINAL” XK tomonidan A va B klassdagi yuklarni saralash, saqlash va taqsimlashga ixtisoslashgan zamonaviy logistika markazini shu yilning o‘zida ishga tushiramiz.
2027 yilda Sergeli tumanini poytaxtdagi eng ilg‘or, zamonaviy va yuqori natijador hududlardan biriga aylantirish bo‘yicha ishlarning ikkinchi bosqichi amalga oshiriladi.
Bunda, avvalo, iqtisodiyotning barqaror o‘sishini ta’minlash, investitsiya muhitini yanada yaxshilash, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan loyihalarni amalga oshirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish asosiy ustuvor vazifa etib belgilanadi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, raqamlashtirish, investitsiya, sanoat, xizmat ko‘rsatish, ekologiya va tuman infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha 1,2 trln so‘mlik 45 ta yangi loyihalar amalga oshirilib, aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari sifati yanada oshiriladi.
Zamonaviy boshqaruv usullari, sun’iy intellekt va raqamli monitoring imkoniyatlaridan keng foydalanish orqali boshqaruv samaradorligi yangi bosqichga olib chiqiladi.
Aziz tumandoshlar va hurmatli ishbilarmonlar!
Yuqorida belgilangan har bir maqsad ortida tumanimiz farovonligi va xalqimizning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi mujassam. Barcha kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etgan holda, tumanimizni kambag‘allik va ishsizlikdan butamom xoli hududga aylantirishga hamda erishilgan bu natijani barqaror saqlab qolishga qat’iy va’da beraman.
Ishonchim komilki, sizlarning qo‘llab-quvvatlashingiz, halol mehnatingiz va kuchli jamoatchilik nazorati bilan biz ko‘zlangan marralarga albatta erishamiz hamda Sergeli tumanimizni poytaxtdagi eng ilg‘or, obod va namunali hududlardan biriga aylantiramiz.
Tumanimizning farovon kelajagi va yuksalishi yo‘lida barchamiz bir tanu bir jon bo‘lib harakat qilaylik!







