Aqlli shahar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 16-sentabrdagi PQ–286-sonli qarori talablariga muvofiq, Samarqand viloyatida “Aqlli shahar” konsepsiyasini joriy etish bo‘yicha bosqichma-bosqich ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur qarorga asosan, viloyat hududida transport harakatini raqamli boshqarish, yo‘l harakati xavfsizligini oshirish, tirbandliklarning oldini olish va ekologik holatni yaxshilash maqsadida “Aqlli chorraha” tizimlarini joriy etish ishlari yo‘lga qo‘yildi.
Loyiha doirasida Samarqand shahri bo‘yicha 181 ta, Oqdaryo tumanida 4 ta, Payariq tumanida 1 ta hamda Samarqand tumanida 9 ta chorrahalarda “aqlli chorraha” tizimi bosqichma-bosqich o‘rnatilgan.
Ushbu tizim zamonaviy videoanalitika, harakatni aniqlovchi sensorlar, svetoforlarni avtomatik boshqarish va yo‘l harakati qatnashchilarini tanish texnologiyalariga asoslangan bo‘lib, transport oqimini real vaqt rejimida boshqarish imkonini beradi.
“Aqlli chorraha” tizimlari quyidagi natijalarga erishishni ta’minlaydi:
yo‘l harakati xavfsizligini oshiradi;
svetoforlar ishini avtomatik tarzda muvofiqlashtiradi;
transport tirbandliklarini kamaytiradi;
avtotransportlar harakatini samarali boshqaradi;
havoga chiqayotgan zararli gazlar miqdorini qisqartiradi;
raqamli monitoring orqali avariya holatlarining oldini olish imkonini beradi.
Loyihaning amalga oshirilishi natijasida Samarqand viloyati raqamli infratuzilmaga ega bo‘lgan, ekologik toza va xavfsiz transport tizimiga ega hudud sifatida shakllanadi. Ushbu tizim kelgusida viloyatning boshqa shahar va tumanlarida ham joriy etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, “Aqlli shahar” konsepsiyasini to‘liq amalga oshirish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.
Samarqand viloyati miqyosida 5 ta startap loyihalar asosida sun’iy intellekt (AI) texnologiyalarini qo‘llab-quvvatlash va joriy etish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Mazkur tashabbus raqamli iqtisodiyot va innovatsion ekotizimni rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, startap loyihalar orqali turli sohalarda — xususan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, transport, qishloq xo‘jaligi hamda davlat boshqaruvi tizimida sun’iy intellekt yechimlarini tatbiq etish ko‘zda tutilgan.
