Ko'p beriladigan savollar
SAVOL №1: "Mehnat huquqlari" - Ishdan chetlashtirish qanday holatda va qay tarzda amalga oshiriladi?
JAVOB: Mehnat kodeksining 113-moddasiga asosan xodimni ishdan chetlashtirishga, qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari, yo‘l qo‘yilmaydi.
Alkogolli ichimlikdan, giyovandlik yoki toksik modda ta’siridan mastlik holatida ishga kelgan xodim shu kuni (smenada) ishga qo‘yilmaydi.
Xodim majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishdan bo‘yin tovlagan yoki o‘tkazilgan tekshirishlar natijalari bo‘yicha tibbiy komissiya tavsiyalarini bajarmagan taqdirda, ish beruvchi uni ishga qo‘ymaslikka haqlidir.
Xodim ish beruvchining aybi bilan g‘ayriqonuniy ravishda ishdan chetlashtirilganda xodimga yetkazilgan zararni Mehnat kodeksida nazarda tutilgan tartibda to‘lash majburiyati ish beruvchiga yuklatiladi.
SAVOL №2: "Sarmoya" - Kredit ajratilishida amaliy yordam ko‘rsatish masalasi.
JAVOB: “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi Qonunining 50-moddasiga muvofiq Markaziy bank moliya-bank tizimi barqarorligini saqlab turish, omonatchilar, qarz oluvchilar va kreditorlarning manfaatlarini himoya qilinishini ta’minlash maqsadida banklar, mikrokredit tashkilotlari va garovxonalar faoliyatini tartibga soladi va ushbu qonun bilan berilgan vakolatlar doirasida nazorat qiladi.
Mazkur Qonunga muvofiq tijorat banklari mijozlariga kreditlar berish to‘g‘risida ko‘rsatma berish Markaziy bank vakolatlari doirasiga kirmaydi.
SAVOL №3: "Pul muomalasi" - To‘lov terminallari qayerlarda o‘rnatilgan bo‘lishi lozim?
JAVOB: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 19-apreldagi PQ-1325-sonli qaroriga asosan aholi bilan pullik hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi quyidagi chakana savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlarida to‘lov terminali majburiy o‘rnatilishi lozim:
aviatsiya va temir yo‘llar pattalarini sotish kassalari;
avtovokzal va avtostansiyalar kassalari;
avtomobillarga yonilg‘i quyish shaxobchalari;
mehmonxonalar;
kredit tashkilotlari (mikrokredit tashkilotlari, lombardlar), sug‘urta tashkilotlari va moliya bozorining boshqa sub’yektlari;
turg‘un savdo shaxobchalari, shu jumladan, dorixonalar (egallab turgan maydoni o‘lchamidan qat’i nazar);
umumiy ovqatlanish ob’yektlari;
uy-joy-kommunal, shuningdek telefon aloqa xizmatlari, shu jumladan, uyali aloqa telefonlari xizmatlari uchun aholidan to‘lovlarni qabul qilish shaxobchalari;
avtotransport vositalarini vaqtinchalik saqlash joylari;
aloqa bo‘limlari;
maishiy xizmat ko‘rsatish hamda madaniy-ommaviy va tomosha tadbirlari o‘tkaziladigan ob’yektlar;
aholi bilan pullik hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar.
SAVOL №4: "Hisob-kitob" - Bizga bank-kliyent dasturini o‘rnatib berishdi, ammo xizmat uchun to‘lovni dasturni ishga tushirmay turib hisobimizdan yechib olishibdi. Bankning ushbu xarakatlari qonuniymi?
JAVOB: “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunining 31-moddasi birinchi qismiga muvofiq, banklar va ularning mijozlari o‘rtasidagi munosabatlar shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 780-moddasida mijoz bankning hisobvaraqda turgan pul mablag‘lari bilan operatsiya qilish bo‘yicha xizmatlariga bank hisobvarag‘i shartnomasida nazarda tutilgan shartlar asosida haq to‘laydi. Bankning xizmatlari uchun haq, agar bank hisobvarag‘i shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, bank tomonidan har oyning oxirida mijozning hisobvarag‘ida turgan pul mablag‘laridan undirib olinadi deb belgilab qo‘yilgan.
SAVOL №5: "Hisob-kitob" - Agar ta’sischi o‘z mablag‘larini plastik kartaga o‘tkazmoqchi bo‘lsa, bank 5 foiz ushlab qolish huquqiga egami?
JAVOB: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 780-moddasida mijoz bankning hisobvaraqda turgan pul mablag‘lari bilan operatsiya qilish bo‘yicha xizmatlariga bank hisobvarag‘i shartnomasida nazarda tutilgan shartlar asosida haq to‘lashi belgilab qo‘yilgan.
“O‘zbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari to‘g‘risida”gi Yo‘riqnoma (ro‘yxat raqami 1948, 2009-yil 27-aprel)ning 7-bandi 3-xatboshisiga muvofiq bank hisobvarag‘i shartnomasida bank xizmatlari uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan komissiyalar belgilab olinadi. “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida” Qonunining 28-moddasiga asosan bank operatsiyalari bo‘yicha foiz stavkalari va vositachilik haqi miqdori banklar tomonidan mustaqil belgilanadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, bank operatsiyalari bo‘yicha foiz stavkalari va vositachilik haqi miqdori tijorat banklari tomonidan mustaqil belgilanadi.
SAVOL №6: "Mehnat huquqlari" - Mening qo‘l ostimda ishlaydigan xodimlardan biri malakasi yetarli bo‘lmaganligi sababli o‘zining mehnat vazifalarini unchalik yaxshi bajara olmayapti. Uni kamroq malaka talab etiladigan ishga o‘tkazishim mumkinmi?
JAVOB: Ha, mumkin. Bundan tashqari Mehnat kodeksining 92-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq, ish beruvchi sifatida siz xodimga mutaxassisligi va malakasiga muvofiq keladigan boshqa ishni taklif qilishingiz shart. Agar xodim bajarayotgan ishiga yoki egallab turgan lavozimiga nomuvofiq bo‘lsa – mutaxassisligi bo‘yicha birmuncha kam malaka talab etiladigan boshqa ishni, bunday ish bo‘lmagan taqdirda esa – korxonada mavjud bo‘lgan boshqa ishni taklif qilishingiz lozim.
Xodim boshqa ishga o‘tishdan bosh tortgan yoki korxonada unga muvofiq keladigan ish bo‘lmagan taqdirda, mehnat shartnomasi umumiy asoslarda bekor qilinishi mumkin.
SAVOL №7: "Mehnat huquqlari" - Tashkilotimizda 16 yoshli qiz ishlaydi. Ota-onasi qizi institutga kirishi uchun davlat imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rishi lozimliginini aytib, u bilan mehnat shartnomasini bekor qilish talabi bilan murojaat qildi. Ushbu masala bo‘yicha kasaba uyushmasi bilan maslahatlashish kerakmi?
JAVOB: Ushbu holatda mehnat shartnomasini bekor qilishi ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinmayotganligi sababli mehnat shartnomasini bekor qilishida kasaba uyushmasi yoki xodimning boshqa vakillik organining roziligi talab etilmaydi. Mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyruqda Mehnat kodeksining 106-moddasi 6-bandiga havola qilgan holda mehnat shartnomasi xodimning ota-onasinini talabi bilan bekor bo‘lganligini bayon qilishingiz lozim. Bundan tashqari, buyruqda Mehnat kodeksining 247-moddasiga ko‘ra mehnat shartnomasi 18 yoshga to‘lmagan shaxs bilan qanday asoslarda (masalan, o‘qish jarayonining ish vaqti bilan nomuvofiqligi) bekor bo‘lganligi aks etishi kerak.
SAVOL №8: "Mehnat huquqlari" - Do‘konimiz ishchilari do‘kon egasi bilan jamoa shartnomasini tuzishmoqchi. Lekin, bizning ishxonamizda kasaba uyushmasi mavjud emas. Jamoa shartnomasini tuzish uchun kasaba uyushmasini tashkil qilish shartmi?
JAVOB: Yo‘q, shart emas. Mehnat kodeksining 35-moddasiga muvofiq, ish beruvchi bilan jamoa shartnomasini tuzish zarurligi haqida qaror qabul qilish huquqiga kasaba uyushmasi o‘z vakillik organi orqali, xodimlar tomonidan vakolat berilgan boshqa vakillik organi yoki bevosita mehnat jamoasining umumiy yig‘ilishi (konferensiyasi) ega.
SAVOL №9: "Konsullik xizmatlari" - Xorijda istiqomat qilayotgan vaqtda familiyani, ismini, otasining ismini o‘zgartirish mumkinmi, bu harakatni qanday holatlarda amalga oshirish mumkin?
JAVOB: Xorijda doimiy istiqomat qiluvchi fuqarolarning arizalari konsul tomonidan ko‘rib chiqiladi. Familiyani, ismini, otasining ismini o‘zgartirish to‘g‘risidagi ariza arizachi tomonidan u 16 yoshga to‘lganidan keyin taqdim etilishi mumkin (arizachining tashrifi majburiy).
Familiyani, ismini, otasining ismini o‘zgartirish to‘g‘risidagi ariza quyidagi hollarda ko‘rib chiqiladi:
agar familiyasi, ismi va otasining ismi hunuk bo‘lsa;
agar familiyasi, ismi va otasining ismi millatiga mos bo‘lmasa;
o‘z xohishiga ko‘ra nikohgacha bo‘lgan familiyani qaytarish ixtiyor qilinsa (nikohda turgan holatda ham, nikoh bekor qilingandan keyin ham);
oila uchun umumiy familiyani olish istagi tug‘ilganda (agar nikoh tuzilayotganda yer-xotin umumiy familiyani tanlagan bo‘lmasa);
konsul uzrli deb hisoblagan boshqa holatlarda.
Familiyani, ismini, otasining ismini o‘zgartirish uchun taqdim etiladigan hujjatlar ro‘yxati:
Familiyani, ismini, otasining ismini o‘zgartirish to‘g‘risidagi ariza (o‘rnatilgan shakli konsuldan olinadi).
Arizachining tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi.
Agar arizachi nikohlangan bo‘lsa, nikoh tuzilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma, agar ajrashgan bo‘lsa, nikohdan ajrashganligi to‘g‘risidagi guvohnoma.
Agar arizachining voyaga yetmagan farzandlari bo‘lsa, bolaning tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnomalari.
Pasportdan yoki arizachining shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatdan ko‘chirma.
Agar arizachi voyaga yetmagan bo‘lsa (16 yoshdan 18 yoshgacha), yoki sud qarori bilan muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa, ota-onasining, yoki vasiyning, yohud homiyning arizasi.
1 ta fotosurat (3x4 hajmli).
Voyaga yetmagan (16 yoshdan 18 yoshgacha) shaxslar uchun, shuningdek ota-onasining roziligi ham talab etiladi.
Agar 16 yoshga to‘lgan shaxs pasport yoki uning shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatni olgunga qadar familiyani, ismini, otasining ismini o‘zgartirish to‘g‘risida ariza bersa, arizaga tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma va tug‘ilganlikni qayd etish dalolatnomasining nusxasi ilova qilinadi.
SAVOL №10: "Soliqqa tortish" - Mening farzandim muddatli harbiy xizmatni o‘tamoqda, bizning oila a’zolarimiz (xizmatni o‘tash davrida) jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘ini to‘lashdan ozod etiladimi?
JAVOB: Muddatli harbiy xizmat harbiy xizmatchilari va ular oila a’zolariga (xizmatni o‘tash davrida) mol-mulk solig‘idan imtiyoz qo‘llanilishi bekor qilingan. (O‘zbekiston Respublikasining 2009 yil 30 dekabrdagi O‘RQ- 241-sonli Qonuni, 8-bandi)
SAVOL №11: "Mehnat huquqlari" - Meni harbiy hizmatga chaqirishganligi sababli ishdan bo‘shadim. Harbiy xizmatni o‘tab bo‘lganimdan keyin avvalgi ishimga joylashish bo‘yicha qandaydir kafolatlar bormi?
JAVOB: Mehnat kodeksining 68-moddasiga ko‘ra, harbiy xizmatga chaqirilgan (o‘tgan) xodim rezervga bo‘shatilgan yoki iste’foga chiqqanidan keyin, basharti, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safidan, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati va Favqulodda vaziyatlar vazirligi qo‘shinlaridan bo‘shatilgan kunidan boshlab uzog‘i bilan uch oy ichida ishga joylashish masalasida ish beruvchiga murojaat etgan bo‘lsa, avvalgi ish joyida ishga joylashish huquqiga egadir.
Harbiy xizmatga chaqirilgan (o‘tgan), lekin keyinchalik rezervga bo‘shatilgan yoki iste’foga chiqqan xodim, agar uning harbiy xizmatga chaqirilgan (o‘tgan) kunidan boshlab uch oydan ortiq vaqt o‘tmagan bo‘lsa, avvalgi ish joyiga (lavozimiga) qaytib kelish huquqiga ega.
SAVOL №12: "Mehnat huquqlari" - Jamoa shartnomasida nogironlar va bola tarbiya qilayotgan shaxslar uchun qo‘shimcha imtiyoz belgilanishi mumkinmi?
JAVOB: Mehnat kodeksining 37-moddasiga muvofiq jamoa shartnomasida korxonaning iqtisodiy imkoniyatlarini hisobga olgan holda, boshqa shartlar, shu jumladan, qonunlar va boshqa normativ hujjatlar bilan belgilangan normalar va qoidalarda ko‘rsatilganiga qaraganda imtiyozliroq mehnat shartlari va ijtimoiy-iqtisodiy shartlar (qo‘shimcha ta’tillar, pensiyalarga tayinlanadigan ustamalar, muddatdan ilgari pensiyaga chiqish, transport va xizmat safari xarajatlari uchun kompensatsiyalar, xodimlarni ishlab chiqarishda hamda ularning bolalarini maktabda va maktabgacha tarbiya muassasalarida tekin yoki qisman haq to‘lanadigan tarzda ovqatlantirish, boshqa qo‘shimcha imtiyoz va kompensatsiyalar) ham kiritilishi mumkin.
SAVOL №13: "Mehnat huquqlari" - Boshqa ishga o‘tkazishdan oldin buyruq chiqariladimi yoki oldin mehnat shartnomasiga o‘zgartirish kiritiladimi, degan masalada kadrlar bo‘limi xodimi bilan bahslashib qoldik. Ushbu holatga oydinlik kiritib berishingizni so‘raymiz?
JAVOB: Mehnat kodeksining 96-moddasi birinchi qismga ko‘ra, doimiy boshqa ishga o‘tkazish ish beruvchining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi. Boshqa doimiy ishga o‘tkazish haqida buyruq chiqarish uchun xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasiga kiritilgan o‘zgarishlar asos bo‘ladi.
Vaqtincha boshqa ishga o‘tkazish uning muddati ko‘rsatilgan holda buyruq bilan rasmiylashtiriladi.
Mehnat shartnomasi taraflarining kelishuviga binoan hamda xodimning tashabbusi bilan vaqtincha boshqa ishga o‘tkazish haqida buyruq chiqarish uchun uning arizasi, homilador ayollarni va ikki yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarni vaqtincha boshqa ishga o‘tkazish haqida buyruq chiqarish uchun esa, — ularning arizasi va tibbiy xulosa asos bo‘ladi.
SAVOL №14: "Mehnat huquqlari" - Men ilmiy-tadqiqot institutida 10 yildan beri ishlamoqdaman. Zamon o‘zgarishi bilan mehnat shartlari va talablari o‘zgarmoqda. Biroq, mening mehnat shartnomam ancha oldin, ishga kirayotganimda tuzilgan. Men boshlig‘imdan mehnat shartnomasining ayrim shartlarini o‘zgartirishni so‘rashim mumkinmi?
JAVOB: Ha, mumkin. Mehnat shartnomasi bo‘yicha ishlayotgan har bir shaxsning mehnat faoliyati tegishli vazifani bajarish (mutaxassislik, malaka yoki lavozimda ishlash) bilan bog‘liq bo‘lib, u har doim ma’lum bir ish joyida belgilangan mehnat sharoitlarida amalga oshiriladi. Ko‘rsatib o‘tilgan omillardan hatto bittasining o‘zgarishi ham mehnat shartnomasi o‘zgarishi lozimligini anglatadi.
O‘z navbatida mehnat shartnomasini o‘zgartirish jamlovchi tushuncha bo‘lib, o‘z ichiga:
• mehnat shartlarini;
• xodimning mehnat vaziflarini (boshqa ishga o‘tkazish);
• ish joyini o‘zgartirishni oladi.
Aynan shu sababli mehnat shartlarini, boshqa ishga o‘tkazish, ish joyini o‘zgartirish qoidalar nazarda tutgan Mehnat kodeksining VI bo‘limi 3-paragrafi “Mehnat shartnomasini o‘zgartirish” deb nomlanadi.
SAVOL №15: Bemorlarga bepul asosda beriladigan dori vositalariga qaysilari kiradi va ular kimlarga beriladi?
JAVOB: Bemorlarga imtiyoz asosida dori vositalarini bepul berish, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 22 iyuldagi 204-sonli qarori asosida amalga oshiriladi.
1. Onkologik kasalliklarga chalinganlar
2. Sil kasalligiga chalinganlar
3. Moxov kasalligiga chalinganlar
4. Endokrinologik kasalliklarga chalinganlar
5. Ruhiy kasalliklarga chalinganlar
6. OIV kasalligini yuqtirganlar
7. Yurak klapanini protezlash va organlarni ko‘chirish yuzasidan operatsiya qilingan shaxslar
8. O‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz pensionerlar
9. 1941-1945 yillardagi urush qatnashchilari.
10. 1941-1945 yillardagi urush-mehnat fronti qatnashchilari.
11. Chernobil AYeSidagi halokat oqibatlarini tugatishda qatnashgan nogiron shaxslar.
12. Baynalminal jangchilar.
13. Harbiy xizmatni yadro poligonlarida va boshqa radiatsiya-yadro ob’yektlarida o‘tagan pensiya yoshidagi shaxslar.
SAVOL №16: Bolalarni turli kasalliklarga qarshi emlash tartibi qanaqa?
JAVOB: Milliy emlash taqvimi asosida amalga oshiriladigan emlashlar yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga tug‘ruq bo‘limlarida, 2 yoshgacha bo‘lgan bolalarga hududiy qishloq vrachlik punktlari, oilaviy va ko‘p tarmoqli shahar, tuman markaziy poliklinikalarida, 6 yoshli tashkillashgan bolalarga bolalar bog‘chalarida, 7 yoshli va 16 yoshli bolalarga esa maktablarning tibbiy xonalarida bepul o‘tkaziladi.
SAVOL №17: Lizing oluvchi jismoniy shaxs bo‘lishi mumkinmi?
JAVOB: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 588-moddasiga asosan “Iste’mol qilinmaydigan, tadbirkorlik faoliyati uchun foydalaniladigan har qanday ashyolar lizing ob’yekti bo‘lishi mumkin ...”, deb ko‘rsatilgan.
Qonunning mazkur moddasi talabiga muvofiq, jismoniy shaxslar yuridik shaxs tashkil qilgani holda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullansa, u holda o‘zlari tashkil etgan ana shu yuridik shaxs nomidan lizing oluvchi bo‘lishlari mumkin.
SAVOL №18: - O‘g‘lim kollejni bitirib kichik korxonada ishlayapti. Yosh mutaxassislarga qanday imtiyozlar belgilangan?
JAVOB: - O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 15 mayda qabul qilingan “Xususiy mulq kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishda yanada qulay iqtisodiy, huquqiy sharoit va rag‘bat yaratish imkonini berdi.
Farmonga muvofiq, xususiy mulq kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ishonchli himoyasini ta’minlash, ularning jadal rivojlanishi yo’lidagi to‘siqlarni bartaraf etishning to‘rtta asosiy yo’nalishi bo‘yicha joriy yilda amalga oshiriladigan kompleks dastur tasdiqlangandi. Mazkur dasturda xususiy mulk va tadbirkorlikning jadal rivojlanishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratish, ularni tashkil etish va faoliyatini yo’lga qo‘yish tartibini yanada soddalashtirish, ma’muriy va jinoyat qonunchiligini liberallashtirish hisobidan tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berishga alohida e’tibor qaratilgan.
Mazkur farmon ijrosiga ko‘ra, yakka tartibdagi tadbirkorlarga uch nafargacha ishchi yollash huquqi berildi. Bunda yakka tartibdagi tadbirkor faoliyat turidan kelib chiqqan holda, har bir yollangan ishchi uchun byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga yeng kam oylik ish haqining 50 foizi miqdoridagi sug‘urta badali va yakka tartibdagi ish beruvchi tadbirkor uchun belgilangan soliq stavkasining 30 foizi miqdorida soliq to‘lash bilan kifoyalanadigan bo‘ldi.
Shuningdek shu yilning 1 iyulidan yakka tartibdagi tadbirkorlar kasb-hunar kolleji bitiruvchilarini ishga qabul qilganda kollejni bitirgandan boshlab o‘n ikki oy mobaynida yollanma ishchilar uchun belgilangan soliqdan ozod etiladilar. Bunday imkoniyat va imtiyoz natijasida ilgari fuqaro yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini boshlab, o‘zi ishli bo‘lgan bo‘lsa, endilikda bu tadbirkorlik sub’yekti o‘zi bilan birga to‘rtta yangi ish o‘rni tashkil etayapti. Bu esa ishsizlikka barham berishi qatorida tadbirkorning yollagan ishchisi yoki kollej bitiruvchisida tadbirkorlikka bo‘lgan ko‘nikmaning shakllanishiga yordam bermoqda.
SAVOL №19: - Un kombinatlarida un har xil moddalar bilan boyitiladi, deb eshitdim. Bu un sifatini buzmaydimi? Umuman, qanday navdagi boshoqli dondan tayyorlangan non mahsulotlari organizm uchun foydali?
JAVOB: - Ha, to‘yimliligi va organizm uchun foydaliligini ta’minlash maqsadida un temir moddasi, foliy kislotasi va boshqa moddalar bilan boyitadilar. Chunki, inson organizmida temir moddasining etishmasligi oqibatida anemiya yoki boshqacha aytganda, kamqonlik xastaligi yuzaga keladi. Kamqonlikning oldini olishda boyitilgan undan tayyorlangan non mahsulotlarini iste’mol qilish ancha samarali. Aslida, kamqonlikning oldini oladigan moddalarning barchasi bug‘doy tarkibida mavjud.
Biroq, unga ishlov berish chog‘ida foydali moddalarning ko‘p qismi yo’qolib ketadi. Aynan shuning uchun ham ushbu moddalarni unga qaytarish juda muhim hisoblanadi. Boyitilgan undan non va non mahsulotlarini tayyorlash jarayonida bu xususiyatlar yo’qolmaydi, ta’mida ham hech qanday o‘zgarish bo‘lmaydi.
Non mahsulotlari tarkibida V guruhiga mansub vitaminlar, RR va Ye vitaminlari, kaliy, kalsiy, magniy, natriy, fosfor makroyelementlari hamda temir, mis, yod, marganes va ftor mikroyelementlari mavjud. Shu jihatdan olganda, bug‘doy arpa, makkajo‘xori, no‘xot kabi donlardan tayyorlangan omuxta undan yopilgan non va non mahsulotlari organizm uchun foydali hisoblanadi.
Savolga «Registon non» mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh laborant texnologi Maysara NABIYeVA javob berdi.
SAVOL №20: - Tadbirkorlik faoliyatimni boshlaganimga ikki yil bo‘ldi. Ko‘pincha kichik biznes vakillari uchun soliq, bojxona, statistika organlari yoki bank xizmati bo‘yicha imtiyozlar beriladi. Ochig‘i, bunday imtiyozlar haqida o‘zim kabi faoliyat yuritayotgan tadbirkorlardan yeshitib qolaman. Bu qulayliklarni vaqtida bilish uchun internetdagi qaysi saytlardan foydalansak bo‘ladi?
JAVOB: - 2015 yil 20 avgustda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik sub’yektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo’lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” qonun qabul qilindi.
Ushbu qonun ijrosiga ko‘ra, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning ayrim moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Xususan, ushbu qonunning 5-moddasiga asosan mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan siz kabi tadbirkorlarga sohadagi barcha yangilik va o‘zgarishlardan o‘z vaqtida xabardor bo‘lish, ortiqcha byurokratik sansalorliklarga duch kelmaslik imkonini yaratish uchun ko‘zda tutilgan imtiyozlar va preferensiyalar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasining Interaktiv davlat xizmatlari yagona portali – my.gov.uz saytida e’lon qilinadi. Siz xohlagan vaqtda internet orqali ushbu portalning Tadbirkorlik sub’yektlari uchun imtiyozlar va preferensiyalarning yagona reyestriga kirib, o‘zingizga kerakli imtiyozlardan xabardor bo‘lib turishingiz mumkin.
Umid NORQULOV,
viloyat adliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.
SAVOL №21: - Ishlab chikarish faoliyati bilan shg‘ullanaman. Tadbirkor sifatida tovar xom ashyo birjasida katnashib, uz maxsulotlarimni davlat xaridlariga quysam buladimi?
JAVOB: - Albatta, 2015 yil 26 martda O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekistan Respublikasi tovar xom ashyo birjasining maxsus axborot portali orkali yelektron savdo yuli bilan tadbirkorlik sub’yektlaridan yeng zarur tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning davlat xaridini tashkil etish tartibi turrisidagi nizomni tasdiklash xakida»gi karori kabul kilindi. Unga kura, ishlab chikarish faoliyati bilan shurul-lanuvchi tadbirkorlar o‘z mahsulotlari bilan tovar xom ashyo birjalarida ishtirok etishlari mumkin.
Ta’kidlash urinliki, mazkur qaror qabul qilingach, Samarkand shahri iqtisodiyoti usishida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushi sezilarli ravishda ortdi. Jumladan, joriy yilning tuqqiz oyida 529 ta yangi kichik biznes sub’yekti tashkil etilib, utgan yilning shu davriga nisbatan 12,7 foiz usishga yerishildi. Sanoat va boshka ishlab chikarish tarmoklarida 27,4, kurilishda 13,5, savdo va umumiy ovkatlanish sohasida 36,9 foiz kup kichik biznes sub’yekti tashkil yetildi.
Xususiy tadbirkorlikni xar tomonlama kullab-kuvvatlash natijasida joriy yilning tuqqiz oyida Samarkand shaxridagi kichik biznes sub’yektlarining sanoatdagi ulushi 50,2, chakana tovar aylanmasida 70,6, pullik xizmatlar kursatish soxasida 56,7 va axrli bandligi buyicha 83,8 foizni tashkil yetdi.
Shodmon TOSHPO‘LATOV, Samarkand shaxar statistika bo‘limi boshlig‘i.
SAVOL №22: - Yuridik va jismoniy shaxslarning transport vositalarini ro‘yhatdan o‘tkazish yuzasidan arizalarni ko‘rib chiqish tartibini tushuntiring?
JAVOB: - Transport vositalarini qayta ro‘yhatdan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 26 maydagi 256-sonli qarori asosida amalga oshiriladi.
YHXX organlarida yuridik yoki jismoniy shaxslarga tegishli transport vositalari egasi korxona yoki tashkilotning yozma arizasi fuqarolar uchun shaxsiy pasport yoki uning o‘rniga berilgan hujjat, transport vositasini qonuniy sotib olinganligini, ro‘yxatdan o‘tkazish uchun belgilangan yig‘imlar to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Yuridik shaxslar transport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazishda yuridik shaxsning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasini taqdim yetadilar.
Transport vositalari ularni qayd etishdan oldin hududiy mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limlarda ro‘yxatdan o‘tkaziladi yoki ro‘yxatdan chiqariladi.
Yangi tashkil yetilgan tashkilot va korxonalarni avtoxo‘jaliklarni ro‘yxatdan o‘tkazish vaqtida transport vositalarini saqlash uchun yetarli joy maydoni (garaj, avtosaroy) mavjudligi yoki bunday joy ijaraga olinganligi haqidagi shartnomadan nusxa, hududiy YHXX organi tomonidan shu joyning ko‘rikdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi dallolatnoma taqdim etiladi.
Transport vositalari ushbu hollarda qayta ro‘yxatdan o‘tkaziladi: Transport vositalarining turar-joy yoki egasining yashash joyi o‘zgarganda, quyidagi hujjatlar asosida:
belgilangan tartibda ariza;
texnik hujjat (qayd etish guvohnomasi, texnik pasport, texnik talon);
korxona va tashkilotlar transport vositalarining turgan o‘rni o‘zgarishiga asos bo‘lgan hujjat (buyruq, ijara shartnomasi, hokimlik qarori);
transportlarning turgan o‘rnini hududlardagi YHXB organlari tomonidan ko‘rikdan o‘tkazganligi haqidagi dalolatnoma;
Tashkilotning nomi, egasining familiyasi, ismi va otasining ismi o‘zgarganda, quyidagi hujjatlar asosida:
belgilangan tartibda ariza;
ismi o‘zgarganligini tasdiqlovchi hujjat (buyruq, farmoyish, qaror);
fuqarolar uchun shaxsiy pasport, familiyasi, ismi va otasining ismi o‘zgarganligini tasdiqlovchi hujjat (fuqarolik holatini dalolatnomalarini qayd etish organi yoki sud organi tomonidan berilgan hujjat).
Egasi o‘zgarganda, quyidagi hujjatlar asosida:
belgilangan tartibda ariza;
notarial idoralari tomonidan berilgan oldi-sotdi, hadya, ayriboshlash shartnomalari, vorislik, meros va mulkka egalik qilish huquqini beruvchi guvohnomalar;
sud qarori;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulk qo‘mitasi idoralari tomonidan berilgan order;
Chetdan keltirilgan va bojxona nazorati ostida turgan transport vositalari uchun bojxona idorasi tomonidan beriladigan maxsus guvohnoma;
SAVOL №23: - Soliq kodeksida pensionerlarning qonun hujjatlarida belgilangan soliq solinmaydigan maydon o‘lchami doirasida imtiyoz belgilanganligi qayd yetilgan. Bu to‘g‘risida to‘liqroq ma’lumot bersangiz?
JAVOB: - O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 29 dekabrdagi PQ-1024-son qaroriga asosan mulkida soliq solinadigan mol-mulk bo‘lgan pensionerlar uchun mol-mulk solig‘i bo‘yicha soliq solinmaydigan yeng kam miqdor umumiy maydonning 60 kv. metri hajmida belgilangan.
Ya’ni, soliq solinadigan mol-mulki bo‘lgan pensionerlar uchun jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni hisoblab chiqarganda, mol-mulk solig‘i soliq solinmaydigan yeng kam miqdordan oshadigan maydondan to‘lanadi. Bunda soliq solinmaydigan yeng kam miqdor summasini aniqlash uchun mol-mulkning umumiy inventarizatsiya qiymati mol-mulk maydonining umumiy miqdoriga bo‘linadi va 60 kv. metrga (soliq solinmaydigan yeng kam miqdor) ko‘paytiriladi. Olingan natija mol-mulkning umumiy inventarizatsiya qiymatidan chiqariladi.
SAVOL №24: - Men shaxsiy avtotransportimda avtoxalokatga uchradim. Kimga va qanday qilib murojaat etishim kerak?
JAVOB: Yo’l transport xodisasiga uchraganda har bir xaydovchi, xududiy Yo’l harakati xavfsizligi xizmatiga yoki yaqin oradagi ichki ishlar idoralariga xabar berishi kerak.
SAVOL №25: - Asosiy faoliyatdan tashqari olingan daromaddan qanday soliqlar to‘lanadi (binolarni ijaraga berishda, muddati o‘tgan kreditor qarzlarni daromadga olishda)?
JAVOB: - Soliq kodeksining 355-modda ikkinchi qismiga muvofiq mazkur kodeksning 132-moddasida ko‘zda tutilgan boshqa daromadlar korxonaning soliq solinadigan yalpi tushumi tarkibiga kiritiladi va yagona soliq to‘lovchining asosiy faoliyat turi uchun belgilangan soliq stavkasi asosida yagona soliq to‘loviga tortiladi.
SAVOL №26: - Men yashayotgan kvartiradan o‘tgan sovuq suv quvurini o‘z xisobimdan almashtirdim. Shirkat men qilgan sarf-xarajatlarni kommunal xizmat to‘lovlariga o‘tkazishni istamayapti. Siz qanday maslaxat berasiz?
JAVOB: - Siz avvalom bor yeski sua quvurlarini almashtirishingiz xaqida shirkat bilan kelishib olishigiz, keyin ta’mirlash ishlar oxirida qilingan ishlarni xujjatlashtirish ularga taqdim etishingiz lozim yedi. Shuningdek xujjatga quvurlarni sotib olganligingiz va bajarilgan ishlar uchun to‘lagan pulingizni tasdiqlovchi chekni ilova qilinadi. “Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 30 – moddasida ayrim hollarda shirkat a’zolarining umumiy yig‘ilishi joy mulkdori tomonidan majburiy badallarning bir qismini to‘lashning pul shaklini uning umumiy xarajatlardagi ishtirokining boshqa turlariga almashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkinligi ko‘rsatib o‘tilgan.
SAVOL №27: - UJMSH tashkil yetilmagan uylar qarovsiz qolib ketmaydimi? Bu uylar 1991 yilga qurilgan uylarni kapital ta’mirlash davlat dasturiga kiradimi?
JAVOB: - 1991 yilgacha qurilgan barcha uylar, ular shirkatlarda bo‘lish yoki bo‘lmasligidan qat’iy nazar kapital ta’mirlash davlat dasturiga kiritiladi. Xech bir xujjatda faqat UJMSH tarkibidagi uylar dasturga kiritilganligi aytilmagan. Ushbu dasturning birinchi bosqichi 2007 yil tugallangan va u barcha qolgan uylarni qamragan xolda 2010 yilning oxirigacha davom yetadi.
SAVOL №28: - Qanday holatlarda olib o‘tiladigan mahsulotlar bojxona va soliq bojlaridan ozod etiladi?
JAVOB: - Jismoniy shaxslar tomonidan boj to‘lovisiz olib kirish normalari tartibida olib kiriladigan mahsulotlar bojxona va soliq to‘lovidan ozod etiladi. Bu quyidagi normani tashkil qiladi:
Qo‘shni davlatlardan keltiriladigan iste’mol mahsulotlari uchun -10 AQSH dollari (Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston, Turkmaniston, Tojikiston)
Qolgan boshqa davlatlardan keltirilgan 1 000 AQSH dollari. Bunda bu norma O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida jismoniy shaxslar manziliga keluvchi mahsulotlarga tegishli bo‘lmaydi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi hududidaga mahsulotni olib kirish normalari tartibida, aksiz soligiga tortilmaydigan import mollarga aksiz solig‘i solinmaydi.
SAVOL №29: - Mening bojxonadagi huquq va majburiyatlarimni tushuntirsangiz?
JAVOB: - Bojxona deklaratsiyasini olmasdan turib siz mamlakatga olib kirmoqchi bo‘lgan mahsulotlar va transport vositalarini ko‘rib chiqish, mahsulotlarni o‘lchashingiz, shuningdek bu mahsulotlardan siz bojxona ruxsati bilan sinov uchun namuna olishingiz mumkin. Bunda holatda agar bu namunalar hamma mahsulot Bilan birga hisobga olinadigan bo‘lsa, ular uchun alohida bojxona deklaratsiyasi to‘ldirilmaydi. Bojxonaga kelgan fuqaro:
Bojxonadan o‘tish tartib qoidalariga asosan mahsulotlari deklaratsiya qilish, va bojxona organiga deklaratsiyani taqdim etish;
Bojxona xodimlariga hujjatlarni va ro‘yxtadan o‘tish uchun kerak bo‘lgan har qanday qo‘shimcha ma’lumot taqdim qilish;
Barchsa bojxona to‘lovlarini to‘lash;
Bojxona rasmiylashtirish ishlarida vaqtida hamkorlik qilishi lozim.
SAVOL №30: - Davlat organlari xodimlarining kompyuter savodhonligi bo‘yicha baholash tizimini joriy qilinishi qachon rejalashtirilmoqda?
JAVOB: - 2011 yil 27 oktyabrdagi 289-son Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan 2012 yil 1 yanvardan boshlab davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarining kompyuter savodhonligi bo‘yicha baholash tizimi joriy qilinadi.
SAVOL №31: - Mualliflik huquqi qanday tartibga solinadi?
JAVOB: - Mualliflik huquqining himoyasi hech qanday rasmiyatchiliklarga bog‘liq emas. Ijodiy mahsulotning himoyasi asar yaratilgan vaqtdan boshlanadi deb hisoblanadi. Biroq, ko‘pgina mamlakatlarda mualliflik huquqi bo‘yicha milliy idoralari mavjud, ayrim davlatlarning qonunchiligi esa asarlarning nomini solishtirish va ularning farqini aniqlash uchun ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyatini qo‘llaydi.
Ijodiy mahsulot egalarining ko‘plarida mualliflik huquqini ma’muriy yoki sud tartibida himoya qilish uchun yetarli mablag‘ bo‘lmaydi, ayniqsa adabiy va musiqiy asarlardan kundan-kunga foydalanish huquqlari hamda ijro etish huquqi kengayganligini hisobga olgan holda. Natijada, ko‘ p davlatlarda mulkiy huquqlarni jamoa bo‘lib boshqarish jamiyatlari yoki tashkilotlari keng tarqalmoqda. Bu tashkilotlar ma’muriy va yuridik faoliyatining muhim tajribasiga tayangan holda, tashkilotning biron-bir muallif-a’zoning asarlaridan xalqaro foydalanilganligi uchun ulardan yig‘imlar, royaltini boshqarish va taqsimlash kabi xizmatlarni o‘z a’zolariga ko‘rsatadi.
SAVOL №31: -Majburiy ijro byurosi va elektr tarmoqlari korxonasi ustidan nazorat qiluvchi tashkilot bormi?
JAVOB: - O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda iste’mol qilish sohasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq majburiy ijro byurosi quyi turuvchi rahbarlari yuqori turuvchi rahbarlarga, shuningdek, Bosh prokurorga, tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar) prokurorlariga bo‘ysunishi hamda hisobdorligi asosida faoliyat ko‘rsatadi.
“Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati tarkibiga kiradi.
Demak, sizda majburiy ijro byurosi bo‘yicha savol yoxud muammo paydo bo‘lsa, tuman, viloyat yoki respublika prokuratura organlariga xuddi shu tartibda majburiy ijro byurosining yuqori idorasiga murojaat qilishingiz mumkin. Tuman elektr tarmoqlari korxonasi bo‘yicha muammolar yuzaga kelganda “O‘zbekenergo” AJ yoxud “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyatiga arzingizni aytsangiz bo‘ladi.
