Samarqand viloyati va JICA hamkorlikni kengaytirmoqda
2026-10-09 13:51:00 / Yangiliklar

Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi – JICA ijrochi katta vitse-prezidenti Katsura Miyadzaki boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda tomonlar hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi. Xususan, yo‘l va transport infratuzilmasini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, malakali kadrlar tayyorlash hamda mehnat migratsiyasi masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Adiz Boboyev JICA bilan hamkorlik doirasida zamonaviy texnologiyalar, investitsiyalar va ilg‘or yapon tajribasini jalb etish borasida katta salohiyat mavjudligini ta’kidladi. Samarqand viloyati yangi loyihalarni birgalikda ishlab chiqish, investitsiya va grant mablag‘larini jalb etish hamda ularni amalga oshirish uchun zarur sharoitlarni yaratishga tayyor ekanini bildirdi.
O‘z navbatida, JICA vakillari hamkorlikni yanada kengaytirish va Samarqand viloyatida yangi loyihalarda ishtirok etishga tayyor ekanliklarini ma’lum qildilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar uzoq muddatli sheriklikni rivojlantirish va yangi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishda o‘zaro hamkorlik qilishga kelishib oldilar.


