Samarqand viloyati hokimi A.M.Boboyevning O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi so‘zi
2026-08-29 21:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, aziz yurtdoshlar!
Samarqandimizning oliyjanob, mehnatkash va bunyodkor insonlari! Qadrli mehmonlar!
Barchangizni, Sizlar orqali butun Samarqand ahlini jonajon Vatanimiz – O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining
35-yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
Mustaqillik – shunchaki bayram emas. U xalqimizning o‘z taqdirini o‘zi belgilash, milliy o‘zligi va qadr-qimmatini anglash, erkin va farovon hayot barpo etish huquqidir.
Mustaqillik – avlodlarimizning asriy orzusi, mard va matonatli xalqimizning ezgu intilishlari ro‘yobi, bugungi va ertangi taraqqiyotimizning mustahkam poydevoridir.
Shu bois istiqlolni asrash, uning qadriga yetish va kelajak avlodlarga munosib holda yetkazish – barchamizning muqaddas burchimizdir.
Qadrli yurtdoshlar!
Samarqand azaldan ilm-ma’rifat va ma’naviyat maskani bo‘lib kelgan. Birinchi va Ikkinchi renesans davrida bu yerda Imom Buxoriy, Abu Mansur Moturidiy, Abu Lays Samarqandiy, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi va boshqa bir qator buyuk allomalarimiz yashab, insoniyat tamadduni rivojiga katta hissa qo‘shgan.
Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan ulug‘ ajdodlarimiz me’rosini chuqur o‘rganish va targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ular qo‘nim topgan qadamjolar obod maskanga aylantirilmoqda.
Qadrli tadbir ishtirokchilari,
O‘tgan 35-yil – tarix uchun qisqa bir davr. Ammo xalqimiz hayotida bu yillar ulkan o‘zgarishlar, izlanishlar va taraqqiyot davri bo‘ldi.
Bugun muhtaram Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar natijasida O‘zbekiston jahon hamjamiyatida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lgan, mustaqil taraqqiyot yo‘li, aniq maqsad va tashabbuslariga ega davlat sifatida tan olinmoqda.
Yangi O‘zbekiston g‘oyasi asosida amalga oshirilayotgan islohotlar inson qadrini yuksaltirish, xalqimiz farovonligini oshirish, iqtisodiyotimizni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ulug‘vor maqsadlar esa, biz uchun yanada katta vazifalar va yangi imkoniyatlar eshigini ochib bermoqda.
Eng muhimi, islohotlarning natijasi faqat raqamlarda emas, balki odamlarning hayotida, oilalarning turmushida, mahallalarning qiyofasida namoyon bo‘lmoqda.
Bugun biz uchun har bir yangi korxona – yangi ish o‘rni, har bir yangi maktab – farzandlarimiz kelajagiga qo‘yilgan poydevor, har bir ta’mirlangan yo‘l – odamlar uchun yanada qulay sharoit, har bir obod mahalla esa inson qadrining amaliy ifodasidir.
Aziz samarqandliklar!
Joriy yilning birinchi yarmida viloyatimizda yalpi hududiy mahsulot hajmi 67,3 trillion so‘mni tashkil etib, 109,7 foiz o‘sishga erishildi. Yil boshidan buyon 420 ta yangi sanoat korxonasi tashkil etilib, ularning umumiy soni 7 636 taga yetdi.
Ushbu korxonalar tomonidan 43,4 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 407,8 million dollarlik eksport amalga oshirildi.
Viloyatimiz qishloq xo‘jalik xodimlari 3878 tonna pilla yetishtirdi. G‘allachilikda ham rekord ko‘rsatkich qayd etilib, 755 ming tonna don olindi.
Erta-indin yig‘im-terim mavsumi boshlanadigan paxtachilikda ham bu yil yuqori natija kutyapmiz. Klaster va fermerlarimiz hosildorlikni 52 sentnerga yetkazib, 310 ming tonnadan ortiq paxta xom-ashyosini yig‘ishtirib olishni maqsad qilgan.
Yil boshidan buyon viloyatimizda 2,3 milliard dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtirilib, 490 ta yangi korxona ishga tushirildi. Biz uchun muhimi, bu loyihalar hisobiga 7 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Yil yakuniga qadar yana 405 ta korxona ishga tushirilib, 16 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Hurmatli Prezidentimizning oqilona tashqi siyosati tufayli bugun dunyoning rivojlangan mamlakatlari bilan hamkorlik aloqalari tobora mustahkamlanib bormoqda.
Xususan, AQSHdagi samarqandlik vatandoshlar bilan olib borilgan muloqotlar natijasida shu yilning o‘zida 50 mln dollar miqdorida investitsiya kiritildi. Yil yakuniga qadar ular yana
150 mln dollar investitsiya kiritishga tayyorligini bildirgan.
Qadrli do‘stlar!
Iqtisodiyotdagi barqaror o‘sish ijtimoiy sohani qo‘llab-quvvatlash, xalqtimiz turmush darajasini yanada yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Birgina shu yilning o‘zida viloyatimizda 139 ta maktab, 66 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 5 ta oliy ta’lim dargohi, 2 ta sport inshooti va yuzdan ziyod boshqa ijtimoiy obyektlar barpo etildi.
Buning natijasida maktablarda 65,5 mingta qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratildi, 83 ta maktabda koeffitsiyent 2,0 dan 1,1 gacha tushadi, 2,0 koeffitsiyentdan yuqori maktab qolmaydi.
Bog‘chalarda 8 840 ta o‘rin yaratilib, 10 ta mahallada ilk bor yangi davlat bog‘chasi qurilib, viloyatda qamrov darajasi 80,1 foizga yetkaziladi.
Aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda sohaga 500 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, 22 ta tibbiyot muassasasi qurilib, foydalanishga topshirildi.
Aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida tuman va shaharlarda 12 mingdan ortiq oilaga mo‘ljallangan 200 ta turar joy binosi barpo etilmoqda. Shu paytgacha 3200 xonadonli 50 dan ortiq ko‘p qavatli uy o‘z egalariga topshirildi.
Xalqimizning ichimlik suvi ta’minoti va oqova tizimini yaxshilashga ham bu yil salmoqli mablag‘ yo‘naltirilib, 57 ta mahalladagi 22 ming aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Samarqand shahridagi 20 dan ortiq mahalalardagi
55 mingdan ortiq aholi saotbay ta’minotdan 24 soatlik rejimiga o‘tkazildi.
Buning natijasida ichimlik suv ta’minoti qamrovi 83 foizga yetkazildi.
Bu yil viloyatimizda yo‘l infratuzilmasi bo‘yicha ham yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda 1820 km yo‘l hamda 18 ta ko‘priklarda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Jumladan, Samarqand shahridagi Gagarin - Rudakiy ko‘chalari kesishmasida yer osti tonneli qurilib, foydalanishga topshirildi. Ayni paytda Gagarin ko‘chasini M-37 xalqaro avtomobil yo‘li bilan bog‘lash loyihasi doirasida temir yo‘l ustidan hamda Siyob kanali ustidan o‘tuvchi 2 ta ko‘prik qurilmoqda.
Shuningdek, Samarqand shahrini “Shirin” massivi bilan bog‘lovchi 295 metrlik ko‘prik qurilishi ham so‘ngi bosqichga kirgan.
Narpay, Oqdaryo va Ishtixon tumanlarida transport vositalari va piyodalarning xavfsiz harakatlanishini ta’minlash maqsadida 4 ta yer osti piyodalar o‘tish joylari qurilmoqda.
Xalqimizning maroqli hordiq chiqarishi, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun barcha tuman va shaharlarda yangi istirohat bog‘lari, dam olish maskanlari tashkil etilmoqda.
Jumladan, Samarqand shaharida 7,3 gektar maydonda har tomonlama zamonaviy bo‘lgan “Vatanparvar” istrohat bog‘i, shahar markazidagi eski harbiy gospital o‘rnida 5,4 gektar maydonda Yoshlar kreativ bog‘i bunyod etildi.
Shuningdek, Samarqand shahridagi “Lolazor” va “Mirzo Ulug‘bek” mahallalari hududidagi Mirzo Ulug‘bek xiyoboni ham obodonlashtirilib, bu yerda aholining hordiq chiqarishi uchun barcha qulayliklar yaratilmoqda.
Bundan tashqari, Samarqand shahrining Rasadxona mahallasi hududidagi 5 gektar maydonda “Chovandozlar maktabi” barpo etilmoqda. Ushbu maktab nafaqat ot sporti ishqibozlari balki sayyohlar uchun qulay turizm maskanidan biriga aylantirilmoqda.
Muhtaram Prezidentimizning “inson qadri uchun” degan ezgu g‘oyasi asosida viloyatimiz mahallalarida aholi uchun qulay yashash sharoitlarini yaratish ularning madaniy hordiq chiqarishi va dam olishlarini ta’minlash borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Samarqand shahri Sartepa massividagi Xofiz She’roziy mahallasida keng qamrovli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, mahalla namunaviy hududga aylantirilmoqda.
Bundan tashqari, Samarqand shahridagi Buxoro ko‘chasining tarixiy qiyofasi qayta tiklanmoqda, Mirzo Ulug‘bek va Mustaqillik ko‘chalari obodonlashtirilib, aholi va turistlar uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda.
Bu boradagi ishlar viloyatimizning boshqa mahallalarida ham amalga oshiriladi.
Hurmatli Prezidentimizning Samarqandni Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasiga aylantirish borasidagi tashabbuslari tufayli bugun mazkur soha viloyatimiz iqtisodiyotining asosiy tarmoqlaridan biriga aylanmoqda.
Xususan, Imom Buxoriy majmuasi yangidan bunyod etilib, zamonaviy ziyorat va turizm majmuasiga aylantirildi. Majmua atrorfida 1200 o‘rinli 24 ta mehmonxona tashkil etildi.
Umuman, yil boshidan viloyatimizda 104 ta mehmonxona tashkil etilib, ularning soni 950 taga, o‘rinlar soni 24 mingtaga yetkazildi. Bayram arafasida yana beshta zamonaviy mehmonxonalar foydalanishga topshirildi.
Samarqandimiz ko‘plab Xalqaro tadbirlar, yirik anjumanlar markaziga aylanib bormoqda.
Xususan, joriy yilning shu paytigacha 70 dan ortiq turli darajadagi delegatsiyalar tashrif buyurdi, 44 ta xalqaro tadbirlar tashkil etildi va ularda 102 mingdan ziyod xorijliklar qatnashdi.
Yana 10-28 sentyabr kunlari Samarqand “Butun jahon 46-shaxmat olimpiadasi”ga mezbonlik qiladi. Ushbu tadbirda 195 ta mamlakatdan 4500 nafar shaxmatchi ishtirok etadi.
Bundan tashqari 12-14- sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan triatlon bo‘yicha “ Samakand-” xalqaro musoboqasida 52 ta davlatdan 300 dan ortiq professional va havaskor sportchilar ishtirok etishi kutilmoqda.
Yil boshidan buyon viloyatimizga 4,3 million xorijlik, 5,4 million mahalliy sayyoh keldi. Eng muhimi, turistlarning qolish muddati 2,5 kundan 3 kunga uzaydi.
Samarqandda keyingi yillarda hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va qadimiy an’analarni asrab avaylash hamda xalqaro miqyosda targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar natidasida yaqinda Samarqand shahriga “Butun jahon hunarmandlar shahri” maqomi berildi.
Aziz yurtdoshlar!
Biz Samarqandning kelajagini, avvalo, yoshlar bilan bog‘laymiz.
Bugun viloyatimizda ilm olayotgan, zamonaviy kasblarni egallayotgan, tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan, sport va san’atda yuksak natijalarga erishayotgan minglab yoshlarimiz bor.
Joriy yil maktab bitiruvchilarimizning 2 ming nafarga yaqini milliy va 1,5 ming nafardan ortig‘i xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lishdi.
Shuningdek, 200 nafardan ortiq bitiruvchilarimiz dunyoning yetakchi universitetlariga (AQSH va Yevropa) muddatidan oldin o‘qishga qabul qilindi.
Viloyatimiz sportchi yoshlari O‘zbekiston chempionati, kubogi va tunirlarida 1135 ta, Osiyo chempionatlarida 45 ta, Jahon birinchiligida 11 ta medallarni qo‘lga kiritdi.
Bayram arafasida, 26-27 avgust kunlari Niderlandiyaning Amsterdam shahrida o‘tkazilgan akademik eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionatida samarqandlik Shaxzodbek Nurmatov va Sobirjon Safaraliyevning O‘zbekiston tarixida ilk bor jahon chempioni bo‘lishi barchamizning qalbimizni faxr va iftixorga to‘ldirdi.
Fursatdan foydalanib, chempionlarimiz va ularning murabbiylari, ota-onalarini yana bir bor ushbu muvaffaqiyat bilan tabriklaymiz!
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
2026-yil mamlakatimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb nomlangan.
Mahalla – xalq bilan davlatni bog‘lab turadigan eng muhim maskan.
Islohotlarning haqiqiy natijasi, avvalo, mahallada, xonadonlarda va insonlarning kundalik hayotida sezilishi kerak.
Viloyatimizda ham mahallalarni obod qilish, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
“Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi” 28 ta mahallalarning har biriga 5 mlrd.so‘mdan jami 285 mlrd.so‘m, 103 ta “Og‘ir” mahallalarning har biriga 3 mlrd so‘mdan jami 309 mlrd.so‘m mablag‘ ajratilib, hududlar infratuzilmasi yangilanmoqda.
Qadrli yurtdoshlar!
Mustaqillik – bu nafaqat iqtisodiy yutuqlar, balki o‘zligimizni, tilimizni, milliy qadriyatlarimizni, urf-odat va an’analarimizni asrab-avaylash imkoniyatidir.
Bugun Samarqandda 100 dan ortiq millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashamoqda. Bugungi tahlikali davrda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik xalqimizning eng katta boyligidir.
Bugun nuroniylarimiz duosi, onalarimiz mehri, yoshlarimizning g‘ayrati, xotin-qizlarimizning faolligi va mehnatkash xalqimizning fidoyiligi yurtimiz taraqqiyotiga kuch bag‘ishlamoqda.
Ayniqsa, hayotini yurt ravnaqiga bag‘ishlagan nuroniylarimizga, farzandlar tarbiyasi va oila farovonligi yo‘lida mehnat qilayotgan xotin-qizlarimizga alohida minnatdorlik bildiraman.
Sizlarning mehnatingiz, sabringiz va fidoyiligingiz – Samarqandning katta boyligidir.
Aziz samarqandliklar!
Bugun biz erishayotgan barcha natijalarning zamirida sizlarning halol mehnatingiz, tashabbuskorligingiz va bunyodkorligingiz bor.
Mustaqilligimizning 35-yilligi munosabati bilan Davlatimiz Rahbarining Farmonlariga ko‘ra turli sohalarda samarali mehnat qilib, yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan, tashabbuskorligi va fidoyiligi bilan el-yurtga ibrat bo‘layotgan 25 nafar samarqandlik yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Bundan tashqari 3391 nafar viloyatimiz vakillari “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35-yilligi” esdalik nishonlariga sazovor bo‘ldi.
Ularning har biri – viloyatimiz faxri.
Mukofotlangan barcha yurtdoshlarimizni ushbu yuksak e’tirof bilan yana bir bor samimiy muborakbod etaman!
Qadrli do‘stlar!
Bugun biz 35-yillik tariximizni sarhisob qilar ekanmiz, erishganlarimiz bilan faxrlanishga haqlimiz.
Lekin bugungi yutuqlar biz uchun marra emas.
Oldimizda yanada katta maqsadlar, yangi vazifalar turibdi.
Bizning eng katta maqsadimiz – tinch va farovon yurt, bilimli va ma’naviyatli, o‘z kuchiga ishongan, kelajagiga ishonch bilan qaraydigan xalq va kuchli davlat barpo etishdir.
Buyuk tariximiz bizga g‘urur beradi. Bugungi yutuqlarimiz kuch beradi. Ertangi buyuk maqsadlarimiz esa bizdan yanada ko‘proq mehnat, birlik va fidoyilikni talab qiladi.
Aziz va muhtaram yurtdoshlar!
Shu shukronali va shukuhli damlarda barchangizni O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35-yilligi bilan yana bir bor chin qalbimdan muborakbod etaman!
Barchangizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt va xotirjamlik, xonadonlaringizga fayz-u baraka tilayman.
Yangi O‘zbekistonni barpo etish, aziz Samarqandimizni yanada obod va farovon diyorga aylantirish yo‘lidagi ezgu ishlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar yor bo‘lsin!
E’tiboringiz uchun rahmat!
