Viloyat hokimi xorijiy investorlar bilan yirik savdo xabini tashkil etish masalasini muhokama qildi
2026-09-13 14:25:00 / Yangiliklar

Samarqandda Xitoyning logistika xabi tashkil etilishi mumkin. Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev "China Global Purchasing Group" kompaniyasi vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuvda kompaniya tomonidan yirik Xitoy savdo markazini tashkil etish loyihasi taqdim etildi.
Investorlar mazkur loyihani ishlab chiqish ustida bir necha yil davomida ish olib borgan. Kompaniyaning Xitoy savdo markazi mavjud bo‘lib, investorlar aynan shunga o‘xshash majmuani Samarqandda ham barpo etishni rejalashtirmoqda. Investorlar strategik jihatdan qulay joylashuvi bilan ajralib turadigan Samarqandni bunday loyiha uchun qulay hudud sifatida baholamoqda.
Yangi markaz savdo sohasi va iqtisodiy zonalarni birlashtiruvchi yirik xab sifatida ishlashi ko‘zda tutilgan. Unda Xitoy mahsulotlarini jamlash, namoyish etish va savdo jarayonlarini tashkil etish imkoni yaratiladi.
Viloyat rahbari loyihani har jihatdan qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Biroq, majmua uchun maqbul hududni tanlashdan oldin puxta ishlangan konsepsiya zarurligi ta’kidlandi. Mas’ul idoralarga xitoylik hamkorlar tashabbusini atroflicha o‘rganish topshirildi. Shundan so‘ng investorlarga majmuani joylashtirish uchun aniq hududlar taqdim etiladi.
Tomonlar muhokamalarni amaliy bosqichga o‘tkazish va hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.
