Yangi o‘quv yili – yangi maqsadlar sari
2026-09-02 10:25:00 / Yangiliklar

Bugun yurtimizdagi barcha umumta’lim maktablarida ilk qo‘ng‘iroq sadolari yangrab, yangi o‘quv yili boshlandi.
Samarqand shahridagi 1-son ixtisoslashgan davlat umumtaʼlim maktabida "Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!" shiori ostida "Birinchi qo‘ng‘iroq» tadbiri o‘tkazildi. Unda viloyat hokimi Adiz Boboyev Prezidentimizning mamlakatimiz maktablari o‘quvchilari va ustoz-murabbiylariga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib, eshittirdi.
Viloyat rahbari yoshlarni puxta bilim olish va xorijiy tillarni o‘rganishga chaqirib, ta’lim sifatini yangi bosqichga ko‘tarish hamda farzandlar ta’lim-tarbiyasida ota-onalar mas’uliyatini yanada oshirish muhimligini ta’kidladi.
Yangi o‘quv yilida Samarqand viloyatidagi 1280 ta umumta’lim maktabi va 60 ta nodavlat ta’lim muassasasining 1-sinfiga 92 ming 923 nafar o‘quvchi qabul qilinmoqda.
1-son ixtisoslashgan davlat umumtaʼlim maktabiga ilk bor qadam qo‘ygan 105 nafar birinchi sinf o‘quvchisiga 12 turdagi o‘quv qurollari, maktab sumkasi va darsliklardan iborat "Prezident sovg‘asi", IELTS imtihonidan yuqori ball to‘plagan o‘quvchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.


