Samarqandda ijtimoiy sug‘urta tizimining 2-bosqichi yuzasidan seminar o‘tkazildi
2026-06-24 20:15:00 / Yangiliklar

Bugun, Samarqand viloyati hokimligi majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PF–206-son Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-dekabrdagi 796-son qarori mazmun-mohiyati, Davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimidagi yangi tartiblarga bag‘ishlangan ijtimoiy sug‘urta tizimining 2-bosqichi yuzasidan seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda Ijtimoiy himoya milliy agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i S.Luqmonov, Ijtimoiy himoya milliy agentligining Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi bosh mutaxassislari X.Saparov, U.Tojiyev, viloyat tashkilotlarining mas’ul rahbar va xodimlari ishtirok etdi.
Seminar ishtirokchilari Davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimini takomillashtirish, aholini og‘ir hayotiy vaziyatlarda moddiy qo‘llab-quvvatlash, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik davrida daromadsiz qolish xavfini kamaytirish hamda rasmiy bandlikni rag‘batlantirishga qaratilgan yangi tartiblar yuzasidan batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Shuningdek, Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini tayinlash hamda to‘lashning yangi tartiblari keng jamoatchilikka tushuntirilib, amaliyotda uchrayotgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar berildi.
Mazkur seminar aholining huquqiy xabardorligini oshirish, Davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimining mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etish hamda fuqarolarning ijtimoiy himoya sohasidagi huquqlarini ta’minlashga xizmat qiladi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi fuqarolarning ijtimoiy himoyaga oid huquq va manfaatlarini ta’minlash borasidagi targ‘ibot-tushuntirish ishlarini izchil davom ettiradi.
