AQSh bozoriga tekstil mahsulotlarini eksport qilish istiqbollari muhokama qilindi
2026-05-12 21:50:00 / Yangiliklar

AQSHda bo‘lib turgan Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev Missuri shtatida xalqaro logistika va yuk tashish xizmatlari yo‘nalishida faoliyat yurituvchi “ITF Group” kompaniyasi rahbari Saidazim Burxonov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida Samarqand viloyatida ishlab chiqarilayotgan tekstil mahsulotlarini AQSH bozoriga eksport qilish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, mahsulotlarni xalqaro standartlar asosida yetkazib berish, logistika zanjirlarini samarali yo‘lga qo‘yish hamda eksport hajmini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda “ITF Group” kompaniyasining logistika sohasidagi tajribasi va imkoniyatlari Samarqandda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni AQSH bozoriga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, eksport jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash hamda kelgusida aniq loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
