Samarqand viloyati va Afg‘oniston o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi
2026-04-17 11:50:00 / Yangiliklar

Viloyat hokimi Adiz Boboyev O‘zbekiston–Afg‘oniston chegarasidagi Ayritom erkin savdo zonasida Afg‘oniston tomonidan vakil sifatida faoliyat yuritib kelayotgan Sayed Zaher Shah Og‘a bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida Sayed Zaher Shah Og‘a Samarqand viloyati tadbirkorlari bilan savdo aloqalarini rivojlantirish, chegara hududida logistika tizimini takomillashtirish hamda biznes infratuzilmasini kengaytirish bo‘yicha bir qator takliflarini ilgari surdi.
Viloyat rahbari o‘z navbatida Afg‘onistonning Mozori Sharif, Maymana, Faryob va Tohar kabi hududlari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, ushbu viloyatlarning iqlim sharoiti, ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish imkoniyatlari yuzasidan ham qiziqish bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy muloqotni yanada faollashtirish, o‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash hamda qo‘shma loyihalarni rivojlantirish bo‘yicha kelishib oldilar.


