Samarqandda xalqaro parlamentlararo forum o‘tkazilmoqda
2026-03-31 17:50:00 / Yangiliklar

Shu yilning 30–31-mart kunlari Samarqandda muhim xalqaro siyosiy tadbir — “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi 2026” Parlamentlararo hamkorlik forumi o’tkazilmoqda.
2025-yilning 4-aprelida bo’lib o’tgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammitida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan mazkur tashabbus qisqa vaqt ichida amaliy natija berib, bugun Samarqand xalqaro muloqot markaziga aylandi.
Nufuzli tadbirda Markaziy Osiyo davlatlari — O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston parlamentlari vakillari, Yevropa parlamenti a’zolari, shuningdek, ekspertlar, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etmoqda.
Forumning ochilish marosimida Oliy Majlis Senati raisi o‘rinbosari Sodiq Safoyev hamda Samarqand viloyati hokimi, Senat aʼzosi Adiz Boboyev so‘zga chiqib, ushbu forumning mintaqalararo hamkorlikni mustahkamlashdagi o‘rni va ahamiyatiga alohida eʼtibir qaratdilar.
Ta’kidlanganidek, forum Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi parlamentlararo muloqotni yangi bosqichga olib chiqish, qonunchilik tajribasi almashinuvi, shuningdek, barqaror rivojlanish, iqtisodiy hamkorlik va mintaqaviy xavfsizlik masalalarida o‘zaro aloqalarni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Mazkur anjuman nafaqat siyosiy muloqot maydoni, balki amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish, yangi tashabbus va loyihalarni shakllantirish uchun muhim platforma vazifasini o‘taydi.


