AT xizmatlari eksporti muhokama qilindi
2026-03-25 09:45:00 / Yangiliklar

Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev WORLD MMM kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Mazkur uchrashuvda korxonaning xalqaro hamkorlikdagi faoliyati, eksport ko‘rsatkichlari hamda kelgusidagi rejalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda kompaniya ta’sischilari korxona faoliyati haqida batafsil ma’lumotlar berdi. Ta’kidlanishicha, “WORLD MMM” IT Park Uzbekistan rezidenti maqomini qo‘lga kiritgan bo‘lib, 2024-yildan boshlab AQSHning Mir Transportation Inc kompaniyasi bilan tuzilgan eksport shartnomasi asosida dispetcherlik xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunga qadar kompaniya tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi qariyb 900 ming AQSH dollarini tashkil etgan. 2026-yilga borib esa xodimlar sonini 100 nafarga yetkazish hamda xizmatlar eksportini 2 million AQSH dollariga oshirish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, kompaniya tomonidan axborot texnologiyalari sohasida yangi loyihalarni amalga oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va eksport salohiyatini yanada kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Viloyat hokimi Adiz Boboyev ushbu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash muhimligini ta’kidlab, kompaniyaning kelgusidagi rejalarini amalga oshirish uchun qonun doirasida amaliy yordam ko‘rsatilishini bildirdi.


