RASMIY MUNOSABAT
2026-02-20 09:05:00 / Rasmiy munosabat
Ijtimoiy tarmoqlarda "Qonunni aylanib o‘tish yoki Prezident farmonini alohida bir tuman uchun bekor qilish mumkinmi?" nomli material e’lon qilinib, unda Samarqand viloyati hokimining "O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-yanvardagi "Qurilish obyektlarining arzon qum-shag‘al materiallariga bo‘lgan talabini qondirish hamda ularning narxi barqaror bo‘lishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida" 39-son qarori ijrosini ta’minlash haqida"gi qarori noto‘g‘ri talqin qilingan. Ushbu qaror yuqorida qayd etilganidek, Vazirlar Mahkamasining qarori ijrosini ta'minlash hamda viloyat hududida noruda materiallarini qazib olishni tartibga solish, qurilish obyektlarining arzon qum-shag‘al materiallariga bo‘lgan talabini qondirish hamda noruda materiallarining narxi barqaror bo‘lishini ta’minlash maqsadida qabul qilingan. Unda Prezident Farmoniga muvofiq 2024-yil 1-maydan Zarafshon daryosi o‘zanidagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilinganligi, Vazirlar Mahkamasi tomonidan moratoriy tatbiq etiladigan hududlar chegaralari belgilanganligi, tog‘ va tog‘ oldi hududlarda muqobil noruda foydali qazilma konlari va kichik sanoat zonalarini tashkil qilish nazarda tutilganligi, moratoriy davrida daryo o‘zanlari, sohilbo‘yi mintaqalar va suvni muhofaza qilish zonalaridan qum-shag‘al materiallarini noqonuniy qazib olish natijasida tabiatga yetkazilgan zarar uchun undirish so‘mmalarini o‘n baravarga oshirilgan holda qo‘llash belgilanganligi qayd etilgan. Qarorda, moratoriyga tushgan daryo o‘zanlarida joylashgan 187,7 gektar noruda kon va uchastkalari uchun o‘ringa o‘rin tamoyili asosida tegishli ruxsatnomalar berish bo‘yicha kelishuv bitimlari tuzish nazarda tutilmoqda. Ya’ni muqaddam daryo o‘zanida joylashgan va tadbirkorlar tomonidan foydalanib kelingan yer uchastkalarini qaytarib olib, uning o‘rniga boshqa hududdlardan yer uchastkasi ajratish bo‘yicha kelishuv tuzilishi belgilangan. Kelgusida maydalash-saralash qurilmalari va keryerlar Zarafshon daryosi bo‘yida emas, balki muqobil ravishda ekologiya va atrof-muhitga zarar yetkazmagan holda tegishli tartibda belgilangan tog‘li hududlarda joylashtiriladi.
Shu o‘rinda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini asoslanmagan, jamoatchilikni chalg‘itishga sabab bo‘ladigan ma’lumotlarni tarqatmasliklarini so‘raymiz.
Viloyat hokimligi jamoatchilikni qiziqtirayotgan savollarga ochiqligini ma’lum qilamiz.
Samarqand viloyati hokimligi Axborot xizmati
