🟢Romitan tumanining "Toshrabot" hamda "Romitan" mahallalarida ishsizlik va kambag‘allik bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi
2026-09-14 14:00:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda aholining bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish hamda ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.
Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan “Kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish” masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida hududlarda aholi turmush darajasini yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratish va oilalarni doimiy daromad manbaiga olib chiqishga qaratilgan tizimli ishlar Romitan tumanida ham amalga oshirilmoqda.
Bu boradagi o‘zgarishlarni yanada rivojlantirish maqsadida tumandagi "Toshrabot" hamda "Romitan" mahallalari tanlab olindi. Bugungi kunda ushbu mahallada aholining bandligini ta’minlash, kambag‘al oilalar bilan individual ishlash va ularning muammolarini manzilli hal etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ayni paytda tuman hokimi Umedjon Barnoyev boshchiligida ishchi guruh ushbu mahallalarga tashrif buyurib, mahalla yettiligi hamda yettilik rahbarlari bilan uchrashdi.
Uchrashuvlarda sosiy e’tibor kambag‘allik reyestrida turuvchi fuqarolarning daromadlarini oshirish, ularni daromadli faoliyatga jalb etish va bandligini ta’minlash masalalariga qaratildi.
Bundan tashqari mahallalardagi har bir ehtiyojmand oila bo‘yicha mavjud imkoniyatlar tahlil qilinib, fuqarolarning daromadini oshirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.
Belgilangan vazifalarni manzilli va samarali amalga oshirish, har bir xonadon bilan individual ishlash hamda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha natijadorlikni ta’minlash yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.





