🟢"Muammolardan yechimlar sari: Oilaviy muloqot"
2026-09-09 10:50:00 / Yangiliklar

Bugun Romitan tuman hokimligi binosida viloyat sudi hamda viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamkorligida “Oila-jamiyat tayanchi, ma’naviyat beshigi va avlodlar o‘rtasidagi uzviylik ramzidir” mavzusida uchrashuv tashkil etildi.
Unda tuman hokimi Umedjon Barnoyev, tumandagi imom xatiblar, otinoylar, fuqarolik ishlari bo‘yicha Romitan tumanlararo sudiga nikohdan ajratish bo‘yicha murojaat qilgan er-xotinlar, ularning ota-onalari hamda mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida viloyat sudi raisi so‘zga chiqib, er va xotinning oila oldidagi huquq hamda majburiyatlari, farzandlar tarbiyasidagi mas’uliyati haqida fikr bildirdi. Shuningdek, oiladagi nizolarning asl sabablari tahlil qilinib, uchinchi shaxs aralashuvining salbiy oqibatlari va murosaning ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Shundan so‘ng yig‘ilganlarga nikohdan ajralish oqibatida farzandlar taqdirini yorituvchi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi buyurtmasiga asosan hayotiy jarayon aks etgan qisqa metrajli “Farzand omonat” filmi namoyish etildi. Mazmunan ta’sirchan ushbu film ishtirokchilarni chuqur o‘yga to‘ldirib, ko‘pchilikni befarq qoldirmadi.
Tadbir davomida tuman hokimi Umedjon Barnoyev tomonidan joriy yilning sakkiz oyida ajralish yoqasiga kelgan hamda nizolashayotgan oilalar holati yuzasidan tahliliy ma’lumotlar taqdim etildi. Ajrashishlar ortida qolayotgan farzandlar taqdiri va ularning ruhiy kechinmalari haqida alohida so‘z yuritildi.
Mas’ullar tomonidan har bir ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan alohida-alohida suhbatlar o‘tkazildi. Natijada 9 ta oila o‘zaro yarashishiga erishildi.
Eng muhimi, ota-ona bag‘ridan ayrilish xavfi ostida qolgan farzandlar yana mehrli oilada voyaga yetish imkoniga ega bo‘ldi.
Zero, sog‘lom oila jamiyat taraqqiyoti hamda komil avlod tarbiyasining mustahkam poydevori hisoblanadi.







