🟢Yangi maktab — mahalla farzandlari uchun yangi imkoniyatlar maskani
2026-09-01 09:25:00 / Yangiliklar

Romitan tumanining Poyjo‘y mahallasida aholi uchun uzoq yillardan buyon kutilgan ezgu orzu amalga oshdi. Mahallada istiqomat qiluvchi qariyb 700 nafar maktab yoshidagi o‘g‘il-qiz uchun zamonaviy ta’lim maskani bunyod etilib, foydalanishga topshirildi.
Shu paytgacha Poyjo‘y mahallasidagi bolalar bir necha chaqirim yo‘l bosib, 19-sonli umumta’lim maktabida tahsil olib kelishgan. Ayniqsa, kichik yoshdagi o‘quvchilarning uzoq masofaga qatnashi ota-onalarni doimo tashvishga solib kelgan.
Bugun esa ana shu muammo o‘z yechimini topdi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida Poyjo‘y mahallasida zamonaviy yangi 44-sonli umumta’lim maktabi qad rostladi.
Mazkur inshootning bunyod etilishi mahalladagi ta’lim sifatini yanada oshirish, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sport va kasb-hunarga yo‘naltirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Yangi o‘quv yili arafasida maktabning foydalanishga topshirilishiga bag‘ishlangan tadbirda tuman hokimi Umedjon Barnoyev, mahalla faollari, ta’lim sohasi vakillari, ota-onalar, ustoz va murabbiylar hamda qurilish tashkiloti vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar yangi maktabning Poyjo‘y mahallasi hayotidagi ahamiyati, yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga yaratilayotgan imkoniyatlar xususida alohida ta’kidladilar.
“Bobur Azamat Temur” MChJ tomonidan bunyod etilgan mazkur maktabning umumiy qiymati 11 milliard so‘mni tashkil etadi. Qurilish ishlari qisqa muddatda, zamonaviy talablar asosida amalga oshirildi.
Endilikda Poyjo‘y mahallasining yuzlab farzandlari uzoq masofani bosib o‘tmasdan, o‘z mahallasida zamonaviy va shinam sharoitlarda ta’lim oladi.
Bu maskanda nafaqat bilim olish, balki sport bilan shug‘ullanish, amaliy ko‘nikmalarni egallash va bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish uchun ham barcha imkoniyatlar mavjud.
Eng muhimi, yangi maktab ota-onalarning farzandlari kelajagiga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlaydi. Zero, farzand ta’limiga yaratilgan sharoit — mahalla va jamiyat kelajagiga kiritilgan eng katta sarmoyadir.
Bugun Poyjo‘yda yangi maktabning eshiklari ochildi. Bu eshiklar ortida esa yuzlab bolalarning katta orzulari, ezgu maqsadlari va porloq kelajagi turibdi.
Yangi maktab majmuasida:
🔹 zamonaviy o‘quv korpusi;
🔹 qishki va yozgi sport inshootlari;
🔹 o‘quvchilar uchun oshxona;
🔹 amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun ustaxona binolari;
🔹 ta’lim va tarbiya jarayonini samarali tashkil etish uchun zarur sharoitlar yaratildi.
Tadbir davomida yangi maktabning imkoniyatlari ko‘zdan kechirilib, o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishildi. Yangi bilim maskanining foydalanishga topshirilishi mahalla hayotida katta ijtimoiy ahamiyatga ega voqea sifatida e’tirof etildi.
11 milliard so‘mlik zamonaviy ta’lim maskani Poyjo‘y ahliga Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan munosib bayram tuhfasi bo‘ldi.
Yangi maktab muborak bo‘lsin, Poyjo‘y!





