🟢Romitan tumanida navbatdagi fuqarolar qabuli: Har bir murojaat – e'tiborda, har bir masala – nazoratda
2026-09-01 10:30:00 / Yangiliklar

Fuqarolar bilan ochiq muloqot qilish, ularning dardini tinglash va muammolariga amaliy yechim topish davlat boshqaruvidagi eng muhim tamoyillardan biridir. Romitan tumanida ham bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Joriy yilning 28-avgust kuni tuman hokimi Umedjon Barnoyev tuman hokimligida navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazdi. Unda tuman Xalq qabulxonasi vakillari, hokim o‘rinbosarlari, korxona va tashkilotlar rahbarlari, mas'ul mutaxassislar, mahalla raislari hamda murojaat bilan kelgan fuqarolar ishtirok etdi.
Qabul davomida fuqarolar tomonidan ishga joylashish, tadbirkorlikni rivojlantirish, kredit olish, tibbiy xizmat, uy-joyni ta'mirlash, kadastr, sud-huquq, oilaviy masalalar, moddiy yordam ajratish, shuningdek, "Ayollar daftari" va "Yoshlar daftari"ga kiritilgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq murojaatlar ko‘rib chiqildi.
Har bir murojaat sinchkovlik bilan o‘rganilib, mas'ul tashkilotlar ishtirokida atroflicha muhokama qilindi. 10 nafardan ortiq fuqaroning murojaati tinglanib, ularning 6 tasi qabulning o‘zida ijobiy hal etildi.
Qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan murojaatlar yuzasidan mas'ullarga aniq muddatlar belgilangan holda topshiriqlar berildi va ijrosi qat'iy nazoratga olindi.
Qabul davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga saxovatpesha tadbirkorlar va homiylar ko‘magida moddiy yordam ko‘rsatish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Ayrim murojaatchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amaliy choralar belgilandi.
Shuningdek, kredit ajratish, ishga joylashish va moddiy yordam tayinlash yuzasidan murojaat qilgan fuqarolarga amaldagi qonunchilik asosida batafsil tushuntirishlar berildi, ularning masalalarini hal etishning huquqiy mexanizmlari izohlandi.
Romitan tumanida fuqarolar manfaatini ta'minlash, ularning murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va muammolariga yechim topish bo‘yicha tizimli ishlar bundan buyon ham izchil davom ettiriladi.
Zero, xalq bilan muloqot qilish, ularning ishonchini oqlash va hayotdan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qilish — davlat idoralari faoliyatining bosh mezonidir.
@Umed_Barnoyev


