🟢Qoraqalpogʻiston hokim yordamchilari Romitan tajribasini oʻrgandi
2026-08-03 12:25:00 / Yangiliklar

Hududlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, mahallalarda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish hamda ilg‘or tajribalarni ommalashtirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridan 40 nafarga yaqin hokim yordamchilari Romitan tumaniga tashrif buyurdi.
Mehmonlarni Romitan tumani hokimi Umedjon Barnoyev boshchiligidagi mas'ullar kutib oldi. Tashrif dasturi avvalida delegatsiya tuman markazida barpo etilgan "Romitan sayilgohi" savdo va ko‘ngilochar ko‘chasi (Broadway) faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Mazkur maskanda yaratilgan zamonaviy infratuzilma, tadbirkorlik subyektlari, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, oilaviy dam olish maskanlari hamda aholining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan imkoniyatlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Shundan so‘ng delegatsiya tumandagi xizmat ko‘rsatish obyektlari, zamonaviy sport majmuasi, kichik sanoat zonalari hamda yangi investitsiya loyihalarini ko‘zdan kechirdi.
Har bir obyekt faoliyati yuzasidan batafsil ma'lumot berilib, amalga oshirilayotgan ishlarning iqtisodiy samaradorligi, yangi ish o‘rinlari yaratishdagi o‘rni hamda tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi tajribalar atroflicha muhokama qilindi.
Tashrif davomida Romitan tumanida hokim yordamchilari faoliyatini samarali tashkil etish, aholini bandligini ta'minlash, kambag‘allikni qisqartirish, oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan tizimli ishlar taqdim etildi.
Delegatsiya a'zolari o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan mutasaddilar bilan fikr almashib, amaliy tavsiyalar oldilar.
Uchrashuv yakunida bunday tajriba almashuvlari hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, ilg‘or tajribalarni keng ommalashtirish, mahallalarda yangi loyihalarni hayotga tatbiq etish hamda aholi farovonligini oshirishga xizmat qilishi alohida ta'kidlandi.
Romitan tumanida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, zamonaviy infratuzilma va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan loyihalar bugun nafaqat viloyat, balki respublikaning boshqa hududlari uchun ham samarali tajriba maktabiga aylanib bormoqda.




