Gender tenglikka erishish strategiyasi
2025-06-17 11:00:00 / Yangiliklar
Barchamizga ma’lumki, so‘ngi yillarda yurtimizda davlatimiz tomonidan qabul qilinayotgan qonunlarda fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari, ayniqsa, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarga erishish, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ularning tengligini ta’minlash, xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli istiqbolli islohotlar amalga oshirilgani fikrimizning yorqin ifodasidir.
Aynan shuni ta’kidlash joizki, gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, sohaga oid 25 ta qonunchilik hujjati qabul qilingani xotin qizlarga bo‘lgan e’tiborning yuksak namunasi deyish mumkin. Jamiyatdagi Xotin-qizlarning rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tashkil etildi.
Konstitutsiyaning 58-moddasida “Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar. Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlaydi”, deb belgilangan.
Darhaqiqat, davlatimizning asosiy qonunida xotin-qizlar va erkaklar teng huquqqa ega ekanligi mustahkamlanib qo‘yilgani fikrimizning yorqin ifodasidar.
Gender strategiyasining asosiy maqsadi — irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’iy nazar xotin-qizlar va erkaklarning haqiqiy tengligini ta’minlashdan iborat ekanligi belgilab qo‘yilgan.
Gender tenglikni ta’minlashning asosiy tamoyillari qonuniylik, demokratiya, ochiqlik va oshkoralikdan iborat ekanligi diqqatni o‘ziga jalb etadi.
Shuningdek, gender strategiyasi doirasida gender tenglik tushunchasi jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, shu jumladan siyosat, iqtisodiyot, huquq, madaniyat, ta’lim, ilm-fan, sport munosabatlarida xotin-qizlar va erkaklarning huquq hamda imkoniyatlarining tengligini anglatadi.
Yurtimizda xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish maqsadida imtiyozli kreditlar ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgani ham xotin-qizlarga bo‘lgan e’tiborning yuksak namunalaridan biri deyish mumkin.
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Qo‘shko‘pir tuman sudi raisi Furqat Ismoilov
