O‘zbekiston–Xitoy texnoparki maxsus sanoat zonasi qurilish ishlariga tamal toshi qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.
2025-10-20 16:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda O‘zbekiston va Xitoy delegatsiyalari, Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari Anvar Davletov, Qo‘shko‘pir tuman hokimi Shuxrat Axmedov, shuningdek, loyihada ishtirok etayotgan xorijiy investorlar qatnashdilar.
2024-yil 29-noyabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 410-sonli qaroriga muvofiq, Yovg‘ur mahallasi hududida O‘zbekiston–Xitoy texnoparki maxsus sanoat zonasi tashkil etildi. Ushbu zona uchun 175 gektar yer maydoni ajratilib, loyihani amalga oshirish “QO‘SHKO‘PIR XINXIANG INVESTMENT MANAGEMENT” MChJ boshqaruv kompaniyasiga topshirildi.
Texnopark infratuzilmasi, jumladan, avtomobil yo‘llari, suv va kanalizatsiya tizimlari, tabiiy gaz tarmoqlari hamda elektr energiyasi bilan ta’minlash ishlari uchun 160 mln dollar miqdorida investitsiya kiritilishi, shuningdek 100 megavattli quyosh fotoelektr stansiyasi barpo etilishi rejalashtirilgan.
Hozirda texnoparkda 16 ta loyiha shakllantirilib, 1,1 mlrd dollar xorijiy investitsiyalar jalb etilishi ko‘zda tutilgan. Natijada 5000 ta yangi ish o‘rni yaratiladi, yiliga 140 mln dollar qiymatdagi mahsulot eksport qilinadi va 200 mlrd so‘m byudjet tushumi ta’minlanadi.
Asosiy loyihalar qatorida ekologik toza bo‘yoqlar, quyosh panellari, akkumulyatorlar, kuzatuv kameralar, elektromototransport vositalari, tibbiyot asbob-uskunalari, aqlli maishiy texnikalar, elektr generatorlari va farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihalari mavjud.
Investorlarga bir qator soliq va bojxona imtiyozlari taqdim etiladi. Jumladan:
• Transport xarajatlarining 50 foizigacha subsidiyalar;
• Xomashyo importi va tayyor mahsulot eksporti uchun QQSdan ozod etish;
• Kiritilgan investitsiya hajmiga qarab 3 yildan 10 yilgacha daromad, yer, mulk va suv soliqlaridan ozod etish.
Texnopark faoliyati natijasida tuman iqtisodiyotida zamonaviy ishlab chiqarish infratuzilmasi shakllanib, eksportga yo‘naltirilgan, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi. Shu bilan birga, xorijiy investorlar uchun barqaror va ishonchli hamkorlik muhiti yaratiladi.
Qo‘shko‘pir tumani hokimligi axborot xizmati









