HUQUQ, TARIX, TARAQQIYOT
2025-04-18 18:20:00 / Huquqiy ma'lumotlar

O‘zbekiston dunyo tamaddunida eng qadimgi madaniyat marakzlaridan biri bo‘libgina qolmay,uning siyosiy-huquqiy institutlari beshiklaridan biri sanaladi. Bu yerda davlat va huquqning paydo bo‘lishi qonuniyatlari va tarixi Yunoniston va Xitoy kabi qadimiy davlatlarniki bilan bir qatorda turadi.
Hozirgi O‘zbekiston hududida o‘rta asrlarda Movarounnahr, Xuroson, Xorazm kabi kuchli davlatlar va ularning o‘ziga xos huquq tizimlari mavjud bo‘lgan, ushbu davlatlarda sudlar (qozilik) faoliyatiga katta e’tibor qaratilgan.
Hususan, qoziul-quzzot lavozimi joriy etilgan bo‘lib, u sudyalarning eng yuqori lavozimi hisoblangan hamda barcha hududiy darajadagi qozilarning faoliyatini boshqargan.
Abbosiylar sulolasi hukmronligi davrida xalq tanishi va hurmat ko‘rsatishi maqsadida sudyalar uchun maxsus liboslar joriy etilgan, sudlarda ishlarni ko‘rib chiqishi uchun zarur bo‘lgan barcha materiallarni to‘plab beruvchi “Saxib-ul masail” lavozimi ham joriy etilgan.
Qoraxoniylar sulolasi davri o‘zining alohida o‘rni hamda ahamiyatiga ega. Ular hukmronligida o‘tgan yillarda hech bir shaxs qonuniy asos va dalillarsiz jazolanmasligi qattiq nazorat qilingan, sudlardan barcha hukmlar fiqhga to‘liq asoslangan bo‘lishi talab etilgan.
Hukmdor Mahmud Tamg‘achxon davrida huquq yuksak darajada rivojlangan ko‘plab manbalarda o‘z aksini topgan. U sudning hukmisiz jinoyatchilar jazolanishi va mulkining olib qo‘yilishiga qarshi bo‘lgan. Yurtda qonun ustuvoriligiga erishish uchun islohotlar amalga oshirilgan, xususan, ushbu davrda hoqon tomonidan tayinlangan beklar jamoat tartibini saqlash, sud hukmlarining ijrosini ta’minlash bilan birga, urf-odatlarining bajarilishini ham nazorat qilgan.
Huquqbuzarlikning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida ham qator ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, Samarqanddagi devorlarga huquqbuzarlar tomonidan “Biz piyozga o‘xshaymiz, qancha kesishsa ham bari-bir qayta o‘sib chiqaveramiz”, deb yozilgan so‘zlarga nisbatan quyidagicha matn yozdirgan “Men duhqon kabi qaerda paydo bo‘lmang, sizlarni ildizingiz bilan yulib tashlayman”. Bundan ko‘rinib turibdiki, qonun ustuvorligini ta’minlash uchun qattiq kurashilgan.
Qoraxoniylar davrida huquqiy ilmga ham katta e’tibor qaratilgan va buning natijasida katta fiqhshunoslar jamoyasi shakllangan. Ular 20 dan ortiq fatvo (qoidalar) jamlanmasini ishlab chiqqan va 350 dan ortiq fiqhga oid asarlar yozishgan.
Huquqshunoslar nafaqat davlat ishlarini yuritishda ishtirok etgan, balki diplomatik faoliyatda elchi, o‘ta muhim ishlarni hal etishda maslahatchi sifatida qadrlangan.
Burhoniddin Marg‘inoniy huquqiy munosabatlarni tartibga solishda qo‘llanadigan huquqiy manba yaratgan bo‘lib, unda huquqiy masalalarni hal etishda qozining majburiyatlariga alohida e’tibor berilgan. Jumladan, “Hidoya” asarida “Qozining maqomi” deb nomlangan maxsus bo‘lim bo‘lib, unda shariat sudlari – qozilarning burch va majburiyatlari, ularga berilgan vakolatlar, qo‘yilgan talablar hukm chiqarish qoidalar kabi masalalar o‘z ifodasini topgan. Qozilar hukmdor tomonidan tayinlanadigan shaxslar bo‘lib, ularga shariat ilmini yaxshi bilish, ozod shaxs bo‘lish, mustaqil qarorlar qabul qila bilish, adolat tarafdori bo‘lish, huquq va muomala layoqatiga ega bo‘lish hamda aqli raso shaxs bo‘lish kabi talablar qo‘yilgan.
Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, har qanday davlatning barqaror rivojlanishi hamda osoyishtaligi ta’minlanishi uchun jamiyatda adolat o‘rnatilishi lozim.
Surxondaryo viloyat sudi
sudya katta yordamchisi U.Panjiev
