Yangi infratuzilma — mahallalar ravnaqi va aholi farovonligi yo‘lida
2026-11-23 16:35:00 / Yangiliklar

Aholi uchun qulay yashash sharoitlarini yaratish, kommunal xizmatlar sifatini oshirish va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida Qumqo‘rg‘on tumanida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Xalqaro taraqqiyot uyushmasi hamda Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki ishtirokidagi “O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasi doirasida tuman markazidagi 9 ta mahallada oqova suv tarmoqlarini qurish va tegishli infratuzilmani barpo etish ishlari olib borilmoqda.
Loyiha Yangi shahar, Bog‘aro, Do‘stlik, Neftchilar, Beshqahramon, Ulug‘bek, Surxon sohili, To‘g‘on va Jiydali mahallalarini qamrab olgan.
Ayni paytda qurilish-montaj ishlari Yangi shahar va Bog‘aro mahallalarida parallel ravishda davom etmoqda. Jumladan, Bog‘aro mahallasida yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uy-joylar hududida oqova suv tarmoqlarini barpo etish ishlari amalga oshirilmoqda.
Mazkur loyiha doirasidagi ishlarning yakunlanishi natijasida aholi uchun oqova suv xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari kengayib, kommunal xizmatlar sifati hamda hududning sanitariya-gigiyena sharoitlari yanada yaxshilanadi.




