Murojaatdan amaliy yechimgacha: fuqarolar muammolari e’tiborda
2026-11-23 15:10:00 / Yangiliklar

Qumqo‘rg‘on tumanida aholi bilan ochiq muloqot qilish, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni o‘rganish va ularga amaliy yechim topish borasidagi ishlar izchil davom etmoqda.
Bugun tuman hokimi Farrux Xoliqov “Jarqishloq” mahallasiga tashrifi davomida bir guruh mahalla fuqarolari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Muloqotda aholi tomonidan bildirilgan taklif va murojaatlar tinglanib, har bir masala yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilandi hamda ularning ijrosi nazoratga olindi.
Xususan, mahallada istiqomat qiluvchi yolg‘iz ayol Qurbonova Azizaning murojaati tuman hokimi tomonidan bevosita yashash xonadoniga tashrif buyurgan holda o‘rganildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Aziza Qurbonova xonadonida tikuvchilik faoliyati bilan shug‘ullanib kelmoqda. Biroq uy sharoitida ish olib borish faoliyatini kengaytirish va samarali tashkil etishda muayyan qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda.
Fuqaroga munosib sharoit yaratish va uning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tuman hokimi tomonidan murojaat ijobiy hal etilib, unga yengil konstruksiyali tikuv xonasi olib berilishi hamda uy-joyini ta’mirlashda amaliy yordam ko‘rsatilishi ma’lum qilindi.
Bunday muloqotlar orqali fuqarolarning muammolari joyida o‘rganilib, ularni hal etish bo‘yicha aniq choralar ko‘rilmoqda. Eng muhimi, har bir murojaat ortida inson manfaatlari va uning munosib hayot kechirishi uchun yaratiladigan sharoitlar mujassam.




