“Yashil makon” — kelajak uchun ekilgan ezgu qadam
2026-11-23 10:10:00 / Yangiliklar

Qumqo‘rg‘on tumanida atrof-muhitni muhofaza qilish, yashil hududlarni kengaytirish va aholi uchun yanada qulay ekologik muhit yaratishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
“Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi mavsumi doirasida tumandagi barcha mahallalarda ko‘chat ekish ishlari keng ko‘lamda olib borilmoqda. Ushbu jarayonlarda mahalla aholisi faol ishtirok etib, yashash hududlarini ko‘kalamzorlashtirish, ko‘cha va xonadonlar atrofini obodonlashtirishga munosib hissa qo‘shmoqda.
Ko‘chat ekish ishlari davomida turli manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekilib, ularni parvarishlash hamda kelgusida yashil hududlarning yanada kengayishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zero, bugun ekilgan har bir ko‘chat ertangi kunning musaffo havosi, so‘lim manzarasi va ekologik barqarorligi uchun muhim ahamiyatga ega.
Loyihaning asosiy maqsadi nafaqat hududlarni ko‘kalamzorlashtirish, balki aholida tabiatga mehr va ekologik madaniyatni yuksaltirish, yashil makonlarni asrab-avaylashga bo‘lgan mas’uliyatni kuchaytirishdan iborat.
Har bir ko‘chat — yashil kelajak sari tashlangan qadam!




