Tuman markazida zamonaviy oqova suv tarmoqlari qurilishi davom etmoqda
2026-11-20 13:05:00 / Yangiliklar

Qumqo‘rg‘on tumanida muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, aholi uchun qulay yashash sharoitlarini yaratish hamda kommunal xizmatlar sifatini oshirish borasida izchil ishlar olib borilmoqda.
Xususan, Xalqaro taraqqiyot uyushmasi va Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki ishtirokidagi “O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasi doirasida tuman markazidagi 9 ta mahallada oqova suv tarmoqlarini qurish va tegishli infratuzilmani barpo etish belgilangan.
Loyiha Yangi shahar, Bog‘aro, Do‘stlik, Neftchilar, Beshqahramon, Ulug‘bek, Surxon sohili, To‘g‘on va Jiydali mahallalarini qamrab oladi.
Ayni paytda qurilish-montaj ishlari Yangi shahar mahallasidagi ko‘p qavatli uy-joylar hududida olib borilmoqda. Mazkur ishlar yakunlangach, hududda oqova suv xizmatlari sifati yaxshilanib, sanitariya-gigiyena sharoitlarini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.





