Qumqo‘rg‘onda Tibbiyot xodimlari kuni keng nishonlandi
2026-11-06 10:05:00 / Yangiliklar

Tibbiyot xodimlari timsolida, avvalo, xalq salomatligi yo‘lida o‘z halovatidan kechib, tun-u kun fidokorona mehnat qilayotgan, inson hayoti va salomatligini eng oliy qadriyat deb biladigan sharafli kasb egalarini ko‘ramiz.
Ma’lumki, yurtimizda har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi Tibbiyot xodimlari kuni sifatida keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan
Qumqo‘rg‘on tumanida sog‘liqni saqlash sohasi vakillari uchun bayram tadbiri tashkil etildi. Tantanali tadbirda tuman hokimi Farrux Xoliqov ishtirok etib, tibbiyot sohasi xodimlarini kasb bayrami bilan samimiy muborakbod etdi. Shuningdek, ularning inson salomatligini asrash, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘lidagi mashaqqatli va mas’uliyatli mehnatini alohida e’tirof etdi.
Bayram tadbiri samimiy tabriklar, dil so‘zlari va ko‘tarinki kayfiyatda davom etdi. Unda sohaning bir guruh fidoyi xodimlariga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Barcha tibbiyot xodimlarini kasb bayrami bilan samimiy muborakbod etamiz! Inson salomatligi yo‘lidagi sharafli va mas’uliyatli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, oilaviy xotirjamlik, baxt-saodat va mustahkam sog‘lik tilaymiz!



