Yoshlar o‘rtasida sport musobaqalari boshlandi
2026-05-16 09:00:00 / Yangiliklar

Qumqo‘rg‘on tumani hokimligi, huquqni muhofaza qiluvchi va mudofaa organlari hamkorligida tashkil etilayotgan yoshlar o‘rtasida sport musobaqalari ko‘tarinki ruh va yuqori kayfiyatda boshlandi. Tadbirni tuman hokimining o‘rinbosari N.Allanazarov ochib berib, ishtirokchilarga omad va muvaffaqiyat tiladi.
Musobaqalar futbol, voleybol, shaxmat hamda stol tennisi sport turlari bo‘yicha tashkil etilib, unda tumanning faol, tashabbuskor va sportsevar yoshlari faol ishtirok etmoqda.
Sport bahslari davomida yoshlar o‘zaro do‘stlik, hamjihatlik va sog‘lom raqobat ruhida kuch sinashib, o‘z salohiyati hamda mahoratini namoyon qilmoqda.
Mazkur musobaqalarning asosiy maqsadi — yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish hamda jismonan va ma’nan barkamol avlodni voyaga yetkazishdan iborat.
Shuningdek, sport musobaqalari orqali yoshlar qalbida vatanparvarlik, jamoaviylik, intizom va qat’iyat kabi muhim fazilatlarni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.


