“Payshanba – yoshlar kuni” doirasida Rahbar va yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
2026-05-14 10:00:00 / Yangiliklar

Qumqo‘rg‘on tumanida “Payshanba – yoshlar kuni” munosabati bilan navbatdagi “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” Yangiyer mahallasida yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur uchrashuv yoshlar bilan bevosita muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning muammo va takliflarini o‘rganish, shuningdek, istiqbolli tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazildi.
Unda tuman hokimi F.Xoliqov, tuman prokurori M.Hayitov hamda tuman IIB boshlig‘i M.Amanturayevlar ishtirok etib, yoshlar bilan ochiq va samimiy suhbat olib bordilar.
Uchrashuv avvalida davra suhbati tashkil etilib, unda yoshlarning bugungi kundagi o‘rni, ularning jamiyat hayotidagi faolligini oshirish, ma’naviy-ma’rifiy saviyasini yuksaltirish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muloqot davomida yoshlar o‘zlarini qiynayotgan dolzarb masalalar, mavjud muammolar, shuningdek, turli taklif va tashabbuslarini erkin bayon etdilar. Xususan, yoshlar bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish, imtiyozli kreditlar ajratish, zamonaviy va talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘qitish, sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish hamda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokamaning asosiy yo‘nalishiga aylandi.
Shuningdek, yoshlar tomonidan sport maydonchalari qurish, bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish, axborot texnologiyalari yo‘nalishida bepul o‘quv kurslarini ko‘paytirish kabi takliflar ham ilgari surildi.
Bildirilgan har bir murojaat mas’ullar tomonidan atroflicha o‘rganilib, ularni ijobiy hal etish yuzasidan tegishli soha mutasaddilariga aniq topshiriqlar berildi. Ayrim masalalar joyida hal etilgan bo‘lsa, qolganlari bo‘yicha qisqa muddatlarda amaliy natijaga erishish choralarini ko‘rish belgilandi.
Mazkur uchrashuv ochiqlik va o‘zaro ishonch ruhida o‘tib, yoshlarning g‘oya va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish, ularning muammolarini tizimli hal etish hamda har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida muhim vazifalarni belgilashga xizmat qildi.



