🇺🇿 Xotira bor ekan — millat barhayot!
2026-05-09 08:30:00 / Yangiliklar

9-may — “Xotira va qadrlash kuni” yurtimizda xalqimizning eng qadri baland, ma’naviy ahamiyati yuksak bayramlaridan biri sifatida keng nishonlanmoqda. Bu sana — Vatan tinchligi, xalq osoyishtaligi va bugungi erkin hayotimiz uchun jonini fido qilgan ajdodlarimiz xotirasiga chuqur hurmat va ehtirom ko‘rsatish kunidir.
Bugun Qumqo‘rg‘on tumanida ham ushbu muborak sana munosabati bilan xotira va qadrlash tadbirlari ko‘tarinki ruhda tashkil etildi. Tuman hokimi Farrux Xoliqov boshchiligida mehnat faxriylari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda keng jamoatchilik ishtirokida “Motamsaro ona” monumenti poyiga gulchambarlar qo‘yildi.
Tuman hokimi Farrux Xoliqov tadbir ishtirokchilari oldida so‘zga chiqib, yurtimiz ozodligi va tinchligi yo‘lida qurbon bo‘lgan ajdodlarimizning ulug‘vor jasoratini yodga oldi. Shu bilan birga, bugungi avlod ularning sharafli yo‘lini munosib davom ettirishi, el-yurt tinchligi va farovonligiga o‘z hissasini qo‘shishi lozimligini ta’kidladi.
Mamlakatimiz bo‘ylab 9-may – Xotira va qadrlash kuni o‘zgacha ruhda nishonlanayotgani zamirida ajdodlar xotirasini yod etish, ezgu ishlarini davom ettirish, yurtimiz tinchligi va ravnaqi yo‘lida xizmat qilgan keksalarga alohida hurmat-ehtirom ko‘rsatish kabi ezgu maqsadlar mujassam ekanligini namoyon bo‘lmoqda.




