Aholi uchun qulayliklar kengaymoqda: suv va kanalizatsiya tizimi yangilanadi
2026-05-01 09:55:00 / Yangiliklar

Qumqo‘rg‘on tumanida “O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasi doirasida Turkiya davlatining “Art Çevre Teknolojileri / POSEİDON Çevre Sosyal Danışmanlık Mühendislik” kompaniyasi loyihachilari tuman markazidagi 11 ta mahallani ichimlik suvi bilan ta’minlash hamda 7 ta mahallada oqova suv inshootlari ya'ni kanalizatsiya tarmoqlarini qurish doirasida fuqarolar bilan suhbatlashdi.
Dasturga ko‘ra, Yangi shahar, Bog‘aro, Do‘stlik, Neftchilar, Azlarsoy, Beshqahramon, Ulug‘bek, Surxon sohili, To‘g‘on, Jiydali hamda Navbahor mahallalarida ichimlik suvi ta’minoti to‘liq yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun "To‘palang" daryosi orqali tumanimizga yetkazib berilayotgan markazlashgan ichimlik suvi orqali jami 45,5 km uzunlikda suv tarmoqlarini tortish rejalashtirilgan.
Shuningdek, Yangi shahar, Bog‘aro, Do‘stlik, Neftchilar, Azlarsoy, Beshqahramon hamda Ulug‘bek mahallalarida oqova suv inshootlari ya'ni kanalizatsiya tarmoqlarini barpo etish ko‘zda tutilgan bo‘lib, ushbu yo‘nalishda 36,2 km tarmoq qurilishi rejalashtirilgan.
Suhbat davomida ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimini barpo etishning aholi turmush sharoitiga ta’siri, ekologik holatni yaxshilash, sanitariya talablariga javob beruvchi infratuzilmani yaratish va toza ichimlik suvi masalalari haqida so‘z yuritildi.
Mazkur loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar hudud infratuzilmasini yanada rivojlantirish, aholiga qulay va zamonaviy kommunal xizmatlar ko‘rsatish sifati oshishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.


