Qumqo‘rg‘on tumanida Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni — “Hosil bayrami” tantanali nishonlandi
2025-12-12 17:00:00 / Yangiliklar

Qishloq xo‘jaligi taraqqiyoti, mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va agrar soha rivojiga beqiyos hissa qo‘shayotgan dehqon-fermerlar mehnatini e’zozlash maqsadida Qumqo‘rg‘on tumanida Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni – “Hosil bayrami” keng nishonlandi.
Tadbir “To‘maris” tantanalar saroyida o‘tkazilib, unda tumanimizning eng ilg‘or fermer va dehqonlari, mexanizatorlar, suvchilar, tajribali tomorqa yer egalari, qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatib kelayotgan tashkilotlar hamda sohaga daxldor boshqa mutaxassislar ishtirok etdilar.
Dastlab Qumqo‘rg‘on tumani hokimi Anvar Normamatov yig‘ilganlarni samimiy muborakbod etib, yurtimizda agrar sohaning iqtisodiy barqarorlikdagi o‘rni, dehqon va fermerlar zimmasiga yuklatilgan ulkan mas’uliyat hamda bu yo‘ldagi jonbozlik haqida so‘z yuritdi. Jumladan joriy yilda tumanimizda mo‘l-ko‘l hosil yetishtirilib, uni o‘z vaqtida yig‘ib-terib olinishi, saqlanishi va iste’molchiga yetkazilishida zahmatkashlarimizning fidokorona mehnati katta o‘rin tutganligini takidladi.
Shundan so‘ng taqdirlash qismida qishloq xo‘jaligi rivoji yo‘lida alohida natijalarga erishgan bir guruh ilg‘or fermerlar, mexanizatorlar, dehqonlar, suvchilar va soha fidoyilari munosib rag‘batlantirildi.





