"Maromiylik" loyihasi: to‘y va marosimlarda me’yor, baraka va ezgulikni kuchaytirishga qaratilgan tizimli ishlar davom etmoqda
2025-12-12 11:20:00 / Yangiliklar

Yurtimizda so‘nggi yillarda to‘y va marosimlarni tartibga solish, ortiqcha dabdaba va isrofgarchilikka chek qo‘yish, oila institutini mustahkamlashga xizmat qiluvchi aniq va izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Hukumat qaroriga muvofiq yo‘lga qo‘yilgan “Maromiylik” loyihasi ana shu sa’y-harakatlarning negizini tashkil etib, bugun mamlakat bo‘ylab keng targ‘ib qilinmoqda.
Shu maqsadda Qumqo‘rg‘on tumani 69-sonli Madaniyat markazining faollar zalida loyihaning navbatdagi targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi. Tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘limi rahbari, “Nuroniy” jamg‘armasi tuman bo‘limi rahbari, tuman Adliya bo‘limi rahbari, shuningdek O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi tuman rahbari ishtirok etib, mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Uchrashuvda tumandagi tegishli idora va tashkilotlari xodimlari, oqila ayollar, ziyolilar, nuroniylar hamda mahalla faollari qatnashdilar. Suhbat jarayonida bugungi kunda to‘y va marosimlarni milliy qadriyatlar, odob-axloq me’yorlari hamda jamiyat manfaatlariga mos ravishda tashkil etish, isrofgarchilik va dabdabaga berilmaslik, marosimlarni ixcham va mazmunli o‘tkazish zarurligi alohida ta’kidlandi.





