Fuqarolik qonunchiligi bilan tartibga solinadigan munosabatlar
2025-09-10 10:20:00 / Yangiliklar

Fuqarolik qonunchiligi bilan tartibga solinadigan munosabatlar
Fuqarolik huquqi O‘zbekiston Respublikasi huquq tizimining asosiy sohalaridan biri bo‘lib, mamlakatimizda bosqichma-bosqich bozor iqtisodiyoti munosabatlariga o‘tish davrida iqtisodiy munosabatlarni takomillashtirish, fuqarolar va boshqa subyektlarning moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini yanada to‘laroq qondirish maqsadida mulkiy munosabatlarni tartibga solish va mustahkamlashga qaratilgan huquqiy normalar yig‘indisidan iborat.
Fuqarolik huquqi bilan tartibga solinadigan munosabatlar O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 2-moddasida belgilab qo‘yilgan.
Buning asosida, fuqarolik munosabatlari ishtirokchilarining huquqiy holati, mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarning hamda intellektual faoliyat natijalariga bo‘lgan huquqlarning vujudga kelish asoslari hamda ularni amalga oshirish tartibi belgilanadi, shartnoma majburiyatlari va boshqa majburiyatlar, shuningdek, boshqa mulkiy hamda u bilan bog‘liq shaxsiy nomulkiy munosabatlar tartibga solinadi.
Fuqarolar, yuridik shaxslar va davlat fuqarolik qonunchiligi bilan tartibga solinadigan munosabatlarning ishtirokchilari bo‘ladi.
Agar Qonunda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, fuqarolik qonunchiligida belgilab qo‘yilgan qoidalar chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda chet el yuridik shaxslari ishtirokidagi munosabatlarga nisbatan qo‘llaniladi.
Shaxsiy nomulkiy munosabatlar va mulkiy munosabatlar bilan bog‘liq bo‘lmagan shaxsiy munosabatlar, agar qonunlarda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa yoki bu munosabatlarning mohiyatidan boshqacha hol anglashilmasa, fuqarolik qonunchiligi bilan tartibga solinadi. Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan belgilarga javob beradigan oilaviy munosabatlarga va tabiiy resurslardan foydalanish hamda atrof-muhitni muhofaza qilish munosabatlariga nisbatan fuqarolik qonunchiligi ushbu munosabatlar maxsus qonunlar bilan tartibga solinmaydigan hollarda qo‘llaniladi.
Bir tomonning ikkinchi tomonga ma’muriy bo‘ysunishiga asoslangan mulkiy munosabatlarga, shu jumladan soliq, moliyaviy va boshqa ma’muriy munosabatlarga nisbatan fuqarolik qonunchiligi qo‘llanilmaydi, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno.
Fuqarolik qonun hujjatlari bilan tartibga solinadigan munosabatlarda ushbu munosabat ishtirokchilarining tengligi prinsipi asosiy o‘rin tutib, fuqarolik huquqiy munosabatlar ishtirokchilari bir-biriga nisbatan qaram, qaram bo‘lmagan subyektlar hisoblanadi va fuqarolik huquqlarining vujudga kelishi, amalga oshirilishi va himoya qilinishida qonunga ko‘ra teng va mustaqil deb e’tirof etiladi.
Huquqiy munosabatlar ishtirokchilarining bunday tengligi ularning subyektiv fuqarolik huquqlarining tengligini anglatmaydi, balki uning egalari uchun bunday huquqlar vujudga kelishi, o‘zgartirilishi, bekor bo‘lishi va ularni buzganlik uchun javobgarlikda tengligini nazarda tutadi.
Fuqarolik qonun hujjatlarining predmeti hisoblanadigan ushbu munosabatlarda ularning ishtirokchilarini fuqarolik qonun va sud oldida tengligini ularning moddiy va ijtimoiy tengsizligidan hamda tashkiliy jihatdan bir-biriga qaram, tobeligidan qat’iy nazar amal qiladi va bu shaxslar xatti-harakatlariga fuqarolik-huquqiy ta’sir ko‘rsatish usuliga xosdir. Fuqarolik huquqi subyektlarining hech biri boshqasiga buyruq berishga haqli emas.
Bu tamoyillarning eng muhimi mulk daxlsizligi bo‘lib, eng avvalo mulkdor tomonidan o‘z mol-mulkidan qonunda taqiqlanmagan har qanday maqsadlarga erishish uchun o‘zining shaxsiy xohish-irodasi asosida foydalanish imkoniyatida namoyon bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, fuqarolik qonun hujjatlari bilan tartibga solinadigan munosabatlarda ularning ishtirokchilari huquqlari yangi qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining faqat qog‘ozda emas, amalda ijrosini ta’minlash uchun sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, fuqarolik jamiyati institutlari va keng jamoatchilik faoliyat olib borgandagina o‘zining ijobiy samarasini beradi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘ng‘irot tumanlararo sudining sudyasi
N.A.Akimniyazov
