RASMIY MUNOSABAT
2025-07-16 15:00:00 / Yangiliklar

RASMIY MUNOSABAT
Ijtimoiy tarmoqlarning birida Qo‘ng‘irot tumani “Ko‘kdaryo” ovul fuqarolar yig‘inida ro‘yxatda turuvchi fuqaro D.G. va uning farzandi (o‘g‘li) D.B. tomonidan turar joy sotib olish uchun kredit ajratilmayotganidan norozi bo‘lib Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisiga yo‘llagan videomurojaati tarqaldi. Fuqaro D.G. 1960 yilda tug‘ilgan, hozirgi vaqtda pensiyada. Bugungi kunda o‘g‘li D.B. kelini (o‘g‘lining turmush o‘rtog‘i) U.R. hamda 3 nafar nevarasi bilan yashaydi.
(Ma’lumot uchun: O‘g‘li D.B. 1988 yilda tug‘ilgan, avval Xorazm viloyati Urganch shahridagi xususiy tadbirkorlik sub’ektida norasmiy tarzda ishlagan, hozirda Qashqadaryo viloyatida qurilish sohasida faoliyat yuritmoqda, Kelini U.R. 1988 yilda tug‘ilgan, Qo‘ng‘irot tumanidagi bozorda non sotuvchi sifatida norasmiy ishlab kelmoqda)
Ushbu oilani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida quyidagi ijtimoiy, moddiy va moliyaviy yordamlar ko‘rsatilgan:
Mahalladagi hokim yordamchisining tavsiyanomasiga asosan
ATB “Agro bank” tuman filiali tomonidan 2022 yilda o‘g‘li D.G.ga tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish uchun imtiyozli kredit ajratilgan;
2023–2024 yillar kuz-qish masumida ko‘mir, shuningdek
2 marotaba oziq-ovqat (un, yog‘, go‘sht va boshqa) mahsulotlari berilgan;
2024 yilda fuqaro D.G.ning kelini, ya’ni o‘g‘li D.B.ning turmush o‘rtog‘i U.R. “Ishga marhamat” monomarkazida sartaroshlik kasbiga bepul o‘qitilgan.
Fuqaro D.G.ning murojaatida keltirilgan vajlar bo‘yicha:
Fuqaro D.G. o‘zining oila a’zolari — o‘g‘li, kelini va 3 nafar nevarasi bilan Qo‘ng‘irot tumanidagi “Ko‘kdaryo” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan qarindoshiga tegishli turar joyda yashab kelgan.
Biroq 2025 yil 28-may kuni yuzaga kelgan shaxsiy kelishmovchiliklar sababli ushbu uyni tark etgan. Hozirda esa tumandagi “Raushan” mahallasida joylashgan, bugungi kunda sotuvda turgan turar joyda mulkdor bilan o‘zaro ijara kelishuvi asosida vaqtincha yashab kelmoqda.
Fuqaro D.G. hozirda ijarada yashayotgan uyini sotib olish uchun o‘g‘li D.B.ning nomiga ATB “Agro bank” tuman filialidan o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga ajratiladigan “Mahalla loyihasi” kredit paketi bo‘yicha 50,0 mln. so‘m mikroqarz ajratishni so‘ragan.
Ushbu murojaat ATB “Agrobank”ning tuman filiali tomonidan ko‘rib chiqilib, quyidagilarni ma’lum qilgan:
Fuqaro D.B. tomonidan 2022 yilda tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida olgan 33,0 mln. so‘m imtiyozli kreditdan maqsadsiz foydalanib, kredit summasi umuman qaytarilmaganligini va bugungi kunda qarzdorlik (penya hisoblangan) 39,0 mln.so‘mdan oshganligi sababli unga qo‘shimcha kredit ajratish rad etilganligi;
Keyinchalik fuqaro D.G. yangi kreditni kelini U.R. nomiga rasmiylashtirishni so‘rab murojaat qilganligini;
Ushbu kreditni rasmiylashtirish jarayonida fuqaro D.G. tomonidan 11 nafar shaxsning hujjatlarini kafil sifatida taqdim etganligini, ulardan 8 nafari tijorat banklari oldidagi mavjud qarzdorligi va boshqa sabablarga ko‘ra rad etilgan. Qolgan
3 nafar fuqaro Tengelova Manzura Qalmurza qizi, Asamatdinov Gafur Rustemovich va Jarqinbaev Jandarbek Adilovich skoring tekshiruvidan muvaffaqiyatli o‘tgan bo‘lsada Jarqinbaev Jandarbek Adilovich shaxsiy sabablarga ko‘ra kafillik berishdan bosh tortgan.
Yuqoridagi holatlarga asosan, bank tomonidan kafillik berishga rozilik bildirgan ikki nafar fuqaroning kafilligiga asosan ko‘pi bilan 30 mln. so‘m miqdorida kredit ajratish mumkinligini, biroq ushbu ikki fuqaro ham turli sabablar tufayli kafillik shartnomasini imzolashga kelmaganligini, kafillik beruvchilar tomonidan kafillik shartnomasi imzolansa uch kun muddatda kredit ajratilishi to‘g‘risida qonuniy tartibda tushuntirish berilgan. Fuqaro D.G. esa 30,0 mln. so‘m kreditga rozi emasligini, kredit summasini 50,0 mln.ga to‘ldirish uchun hokimlik va bankdan qo‘shimcha kafil topib berishni talab qilgan.
Fuqaroni qabul qilish davomida bank kreditlarini rasmiylashtirishda kafillik beradigan shaxslarni ta’minlash hokimlik va bank vakolatiga kirmasligini hamda hech bir fuqaroni majburiy ravishda kafillikka ko‘ndirishga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risida tushuntirishlar berildi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Hurmatli Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoev raisligida joriy yil 16-iyun kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “Hokimlar har kuni o‘z ishini birinchi navbatda fuqarolarning dard-u tashvishlarini eshitishdan boshlashi kerak” degan topshirig‘iga asosan 17-iyun kunidan boshlab Qo‘ng‘irot tumani hokimligida har kuni 08:00 dan 11:00 gacha (yakshanba kunidan tashqari) tuman hokimining jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini qabul qilish yo‘lga qo‘yilgan.
Qabulda hokimlik va tuman tashkilotlari vakolatiga kiradigan hamda qonuniy yechimi mavjud bo‘lgan muammolarni joyida hal etish, boshqa masalalar bo‘yicha tushuntirish berish, respublika darajasida yechiladigan masalalarni umumlashtirgan holda respublikaga taqdim qilish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Qo‘ng‘irot tumani hokimligi jismoniy va yuridik shaxslarning har bir murojaatini Qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqish va ularni imkon qadar ijobiy hal etish choralarini ko‘rishni eng ustuvor vazifa sifatida belgilanganligini ma’lum qilamiz.
