UCH AVLOD UCHRASHUVI
2025-05-08 11:00:00 / Yangiliklar

"UCH AVLOD UCHRASHUVI"
Hayotning o‘nqir-cho‘nqir yo‘llarini bosib o‘tgan nuroniylarimizning tajribasi, o‘gitlari yoshlar uchun ibrat maktabi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan yosh avlodni tarbiyalashda "ustoz-shogird" an’anasiga amal qilish, ustozlarni ulug‘lash, ularning orttirgan tajribasidan unumli foydalanish masalasiga alohida e’tibor qaratilayotgani bejiz emas.
Shunday ezgu ishlarning amaliy davomi sifatida bugun Qo‘ng‘irot tumanidagi Madaniyat saroyida bo‘lib o‘tgan "Uch avlod uchrashuvi"ni aytib o‘tish o‘rinli.
Butun ongli hayotini xalqqa xizmat qilishga bag‘ishlagan, halol mehnati bilan katta obro‘-e’tibor qozongan mehnat faxriysi, "Do‘stlik" ordeni sohibi Jarilqap Tursinbekovning mehnat yo‘li, xalq uchun qilgan ezgu ishlari yoshlarga ibrat qilib ko‘rsatildi.
O‘z navbatida J.Tursinbekov hayoti va mehnat faoliyati davomida to‘plagan boy tajribasi bilan bo‘lishib, nuroniylarga ko‘rsatilayotgan hurmat-ehtirom haqida o‘zining ko‘ngildan chiqqan fikrlarini bildirdi.
Shuningdek, Xalq deputatlari Qo‘ng‘irot tuman Kengashining deputatlari "Barkamol avlod" bolalar markazi direktori M.Matmuratova va "Mingjargan" MFY hokim yordamchisi, "O‘zbekiston belgisi" ko‘krak nishoni sohibi A.Xasanovlar ham bugungi erkin va obod jamiyatimiz, farovon hayotimiz, bularning barchasi davlatimiz rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan o‘zgarish va yangilanishlar natijasi ekanligini ta’kidlab, yoshlarni ilmli, bilimli bo‘lishga, tinchligimizni ko‘z qorachig‘idek asrashga chaqirdi.
Uchrashuvda tuman hokimining o‘rinbosarlari A.Mamutov va J.Ametova, bir qator nuroniylar va faol yoshlar
so‘zga chiqib, yurtimizda amalga oshirilayotgan jadal islohotlar zamirida xalq farovonligi, yoshlarning baxtli kelajagini ta’minlash kabi ezgu maqsadlar mujassam ekanini ta’kidladi.
Tadbirning faol ishtirokchilariga kitoblar sovg‘a qilindi.Konsert dasturidan o‘rin olgan jo‘shqin kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga olam-olam zavq bag‘ishladi.









