Ispaniyaning IDOM kompaniyasi Qo‘ng‘irot tumanining fazoviy va master rejasini ishlab chiqadi
2026-06-26 18:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–298-son qaroriga muvofiq, Qo‘ng‘irot tumani "Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tumanlar" ro‘yxatiga kiritilgan.
Mazkur qaror ijrosi doirasida Jahon bankining "O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish" loyihasi asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasining hududiy rejalashtirish strategiyasi hamda tuman va shaharlarning fazoviy va master rejalarini ishlab chiqish ishlari amalga oshirilmoqda.
Ushbu vazifalarni bajarish uchun Jahon banki tomonidan xalqaro tajribaga ega Ispaniyaning IDOM kompaniyasi jalb etilgan.
Bugun IDOM kompaniyasi vakillari Qo‘ng‘irot tumaniga tashrif buyurib, tumanning fazoviy va master rejasini ishlab chiqish ishlarini boshlash masalalari yuzasidan mutasaddilar bilan uchrashuv o‘tkazdi hamda hamkorlikning dastlabki kelishuvlariga erishildi.
Mazkur hujjatlar kelgusida Qo‘ng‘irot tumanining barqaror rivojlanishini ta'minlash, zamonaviy infratuzilmani shakllantirish, investitsiyalarni jalb etish hamda aholi uchun qulay yashash muhitini yaratishda muhim dasturiy asos bo‘lib xizmat qiladi.









