Qo‘ng‘irot tumanida giyohvandlikka qarshi kurashish sohasidagi qonunchilikdagi yangiliklar muhokama qilindi
2026-06-20 11:00:00 / Yangiliklar

2026-yil 20-iyun kuni Qo‘ng‘irot tumani «Yoshlar markazi» binosida Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘ng‘irot tuman sudining tergov sudyasi B.Aymuratov, Qo‘ng‘irot tumani Ichki ishlar bo‘limi mas’ullari hamda tuman fuqarolari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 11-iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarining va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ–1151-sonli Qonunining mazmun-mohiyati hamda jamiyat hayotidagi ahamiyati yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Uchrashuvda so‘zga chiqqan tergov sudyasi B.Aymuratov mazkur qonun dunyo miqyosida sintetik narkotiklar xavfi ortib borayotgani, ularning internet tarmoqlari orqali tarqatilishi hamda yashirin narkolaboratoriyalar soni ko‘payib borayotgani sharoitida aholi salomatligi, millat genofondi va kelajak avlod manfaatlarini himoya qilish maqsadida qabul qilinganini ta’kidladi.
Shuningdek, qonun bilan giyohvandlik va “apteka narkomaniyasi”ga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlari yanada kuchaytirilgani qayd etildi. Xususan, Jinoyat kodeksiga “Aholi salomatligi va genofondiga qarshi jinoyatlar” deb nomlangan alohida bob kiritilgan bo‘lib, bu giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlarga nisbatan mutlaqo yangi yondashuvni belgilaydi.
Ta’kidlanganidek, endilikda bunday qilmishlar nafaqat jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyat, balki millat salomatligi va kelajak avlod taqdiriga tahdid sifatida baholanadi. Yangi bob tarkibiga avvaldan mavjud moddalar bilan bir qatorda aholi salomatligi uchun o‘ta xavfli bo‘lgan yangi jinoyat tarkiblari ham kiritilgan.
Tadbir davomida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan muhim o‘zgartirishlar haqida ham ma’lumot berildi. Jumladan, giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni jamoat joylarida iste’mol qilganlik uchun MJtKning 187¹-moddasida javobgarlik belgilangan bo‘lib, huquqbuzarlarga nisbatan 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilishi mumkinligi tushuntirildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarning savollariga javob berildi hamda aholini giyohvandlikka qarshi kurashish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va yoshlarni turli zararli illatlardan asrash borasida faol bo‘lishga chaqirildi.
Qo‘ng‘irot tumani hokimligi Axborot xizmati.





